You are currently viewing Aksiya bozorida sho’ng’ish, to’g’rilanish va qulash

Aksiya bozorida sho’ng’ish, to’g’rilanish va qulash

Aksiyaning sho’ng’ishi (dip) deyilganda, aksiya narxining qisqa vaqtga pastlashi tushuniladi. Huddi, suvga bir sho’ng’ib yana qaytib chiqqan kabi. Aksiya narxining sho’ng’ishi tez-tez kuzatiladigan normal holat hisoblanadi. Yirik investorlar o’z ulushini sotishi, aksiyaga bog’liq yangilik yoki sanoatda kuzatilgan o’zgarish kabi ta’sirlar aksiya narxining sho’ng’ishiga sabab bo’ladi. Agar aksiyaning fundamentali kuchli bo’lsa, sho’ng’ish vaqti aksiyani chegirma bilan sotib olishga yaxshi imkoniyat yaratadi. Sho’ng’ish vaqtini kutib aksiyalarni sotib olish «buy the dip» usuli ham mavjud.

Aksiya bozorida to’g’rilanish (correction) deyilganda, aksiyalar narxining yoki indeksning oxirgi erishgan eng yuqori narxidan (52-week high) kamida 10% pastlashini ifodalaydi. To’g’rilanish bir necha kun yoki hafta davom etishi mumkin. Odatda, to’g’rilanish aksiyalar narxi yuqori baholanganligi yoki monetar siyosatdagi (kutilayotgan) o’zgarish kabi sabablar oqibatida yuzaga keladi. Uzoq muddatni ko’zlab sarmoya kiritadigan investor, to’g’rilanishdan tahlikaga tushib zararga kirgan aksiyalarini sotib yubormasligi muhim. Chunki, ko’p hollarda, to’g’rilanish aksiyalarni arzonroq sotib olish imkonini beradi va to’g’rilanishdan so’ng narxlar yana o’sishda davom etadi.

Aksiya bozorining qulashi (crash) deyilganda, aksiya bozorini to’satdan qisqa vaqt ichida keskin (20% va undan ortiqqa) pastlashi tushuniladi. Bozorning qulashiga kutilmagan favqulodda holat, inqiroz, uzoq vaqt davom etib kelgan «shar» (bubble) ning yorilishi va vahimaga tushib sotib yuborish (panic-selling) sabab bo’ladi. Aksiya bozorining 20%dan ortiqqa pastlashi «ayiqlar bozori»ni yuzaga keltiradi va bu ko’p hollarda iqtisodiyotni turg’unlik (recession) holatiga olib keladi. Aksiya bozori qulaganda, aksiyalarga ega investor qiladigan eng yaxshi ish – kutish.

Do'stlaringizga yuboring

Ushbu maqolaga 2 fikr bildirilgan

  1. IslomBek

    Uplift sayti hozirda aksiya va qimmatli qogʻozlar bozorini tahlil qilib, foydali tavsiyalar berib borayotgan Oʻzbekistondagi yagona sayt deb oʻylayman. Bu saytni mobil ilovasi ishga tushirilsa, yana ham zoʻr boʻlardi!

    1. Admin

      E’tiboringiz uchun katta rahmat! InshaAlloh, mobil ilovani ham ishga tushiramiz.

Fikr bildirish