Diversifikatsiya, bu – turli moliyaviy instrumentlar, sanoatlar, tarmoqlar va boshqa toifalarga investitsiya mablag’larini taqsimlash orqali riskni kamaytirish usuli hisoblanadi. Soddaroq aytganda, «hamma tuxumlarni bir savatga solmaslik» tushuniladi. Diversifikatsiyaga keng ko’lamda qaraladigan bo’lsa, investor egalik qiladigan mablag’ini ko’chmas mulkka, aksiyaga, oltinga, naqd pulga yoki boshqa moliyaviy instrumentlarga taqsimlashi mumkin. Bular ichida aksiyalarning o’zi ham alohida diversifikatsiya qilinadi va men hozir shu haqida ma’lumot bermoqchiman.
Aksiyalar portfelini shakllantirishda, diversifikatsiyani e’tiborga olish muhim, chunki kelgusida kompaniya/bozor/iqtisodiyotda qanday o’zgarishlar bo’lishini hech kim oldindan bilmaydi. Sarmoyangizni bir necha kompaniya aksiyalariga taqsimlashingiz kutilayotgan risklarni ma’lum darajada kamaytiradi:
- Hamma mablag’ingiz birgina kompaniyaning faoliyatiga bog’liq bo’lib qolmaydi;
- Iqtisodiy tsikllarning salbiy ta’siridan saqlaydi;
- Turli sohalarda yuqoriroq daromad olish imkonini beradi;
- Tebranuvchanlikni pasaytiradi va h.k.
Aksiyalarni turli xususiyatlariga ko’ra diversifikatsiya qilish mumkin:
- Bozor kapitallashuv darajasiga ko’ra;
- Aksiya turiga ko’ra;
- Sanoat turiga ko’ra;
- Joylashgan mamlakatiga ko’ra va h.k.
Diversifikatsiya qilishda quyidagilarga e’tibor bering:
- Diversifikatsiya bu aksiya portfeli turli-tuman ko’plab aksiyalardan tashkil topishi kerak degani emas. Birinchi o’rinda, portfelingizdagi kompaniyalar 2ta bo’ladimi yoki 20ta bo’ladimi, hammasini faoliyatini yaxshi tushunishingiz kerak. 15dan ortiq aksiya portfelini samarali boshqarish uchun yaxshi tajriba, vaqt va bilim kerak.
- Diversifikatsiya qilish sizdagi mavjud pul miqdoriga bevosita bog’liq. Agar siz kichik summa bilan aksiyalar sotib olishni boshlasangiz, dastlab, 1-2ta o’zingiz yaxshi tahlil qilgan va ishongan kompaniya aksiyalarini sotib olib, keyin boshqa turdagi aksiyalarni harid qilib bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilib borsangiz bo’ladi.
- Har bir investor o’zining riskka bardoshlik darajasi va reja-maqsadidan kelib chiqib aksiyalar turini tanlaydi va portfelini shakllanitiradi. Shuning uchun, portfeldagi aksiyalar ulushini taqsimlashda alohida standard yo’q. Diversifikatsiyaga individual yondashiladi.
Ажойиб