AQSh birjalarida aksiyalari savdo qilinadigan Xitoy kompaniyalari o’tgan yilning o’zida $80 milliarddan ortiq bozor qiymatini yo’qotdi. Alibaba, Baidu, JD, China Petro, Tencent kabi Xitoy aksiyalarini o’z tarkibiga oluvchi Golden Dragon China indeksi (HXC) 2021-yil oxiriga ko’ra 45% pastladi. Xitoy aksiyalarining bunday keskin pasayishining asosiy sababi – Xitoy hukumatining kompaniyalar faoliyatiga aralashuvi va kutilmagan qonun-qarorlar qabul qilishi.
Bunga yaqqol misol sifatida DIDI aksiyasini keltirishimiz mumkin. DIDI o’tgan yilning Iyun oyida IPOga chiqarilgan. IPOga chiqarilishidan oldin Xitoy hukumati tomonidan qarshilik bildirilgan (foydalanuvchilar ma’lumotlarining xavfsizligi sabab qilib ko’rsatilgan). IPOga chiqarilganidan so’ng, DIDI dasturlaridan Xitoyda foydalanish to’xtatib qo’yildi. O’tgan yil oxirida ham Xitoyning Kiberxavfsizlik Boshqaruv (CAC) organi DIDI dasturlari mamlakatda foydalanishga ruhsat berilishi uchun AQSh birjasidan chiqishi kerakligi haqida ogohlantirdi. Natijada, DIDI kompaniyasi Nyu York birjasidan delist (ro’yhatdan o’tganini bekor qilishi) bo’lishini ma’lum qildi. DIDI aksiyasi IPOga chiqqandan beri hozirgacha (01/11/2022 holatiga ko’ra) 65% tushib ketdi.
Ayni vaqtda, Xitoy aksiyalari faqatgina Xitoy hukumati tomonidan emas, AQShning Qimmatli qog’ozlar va Birja Komissiyasi (SEC) tashkiloti tomonidan ham to’sqinlikka uchramoqda. AQSh birjalarida ro’yhatdan o’tgan chet el kompaniyalari uchun SEC yangi talablarni qo’ymoqda:
- Kompaniya hukumat tashkiloti tomonidan egalik qilinishi yoki boshqarilishi haqida ma’lumot.
- SEC Buxgalteriya Kengashi tomonidan chet el auditorlar hisobotlarini tekshirishga rozi bo’lishi.
Bu talablardan, ayniqsa ikkichisi muammoliroq. Xitoy hukumatiga chet el nazorat tashkilotlari tomonidan Xitoyning mahalliy audit firmalarini tekshirilishi yoqmaydi. Bunday holatni Xitoy o’z milliy xavfsizligiga tahdid solishi mumkin deb biladi.
Hozirda ko’plab Xitoy aksiyalari ancha arzon narxga tushgan. Lekin 2022-yilda ham yuqorida aytib o’tilgan ta’sir qiluvchi omillar va buning natijasida Xitoy aksiyalarida yuqori risk saqlanib qolishi kutilmoqda.
Eslatma! Maqolada berilgan aksiya(lar) sotib olish uchun tavsiya yoki bu aksiya(lar)ning halol ekanligini ifodalamaydi. Maqola maβlumot berish maqsadida tayyorlandi.