Federal Rezerv Tizimi (Federal Reserve System) – AQShning monetar siyosatini ishlab chiqadigan, tartibga soladigan, tijorat banklarni nazorat qiladigan, bank-moliya tizimining barqarorligini ta’minlovchi AQShning Markaziy Banki.
Foiz stavkasi (Interest rate) – tijorat banklarining Markaziy bankdan olgan qarzi uchun to’lanadigan eng kam foiz stavkasi. Hozirda AQSh asosiy foiz stavkasi: 0.25% (1/19/2022 holatiga ko’ra)
Foiz stavkasi o’zgarishining umumiy ta’siri
Foiz stavkasi o’zgarishining iqtisodga, xususan kompaniyalarga, iste’molchilarga, aksiya bozoriga ta’siri katta. Odatda, mamlakat iqtisodi qiyin ahvolga tushganda foiz stavkalar pasaytiriladi. Bundan maqsad – qarz mablag’larini arzonlashtirish va kompaniyalar ko’proq arzon qarz olishini va o’z faoliyatini rivojlantirishni rag’batlantirish. Arzon qarzlar kompaniyalar uchun yangi ish o’rinlari yaratish, ishlab chiqarishni kengaytirish va iqtisodni qayta tiklanishiga xizmat qiladi. Iste’molchilar uchun qarzlar (kreditlar) arzon bo’lsa, ular ham ko’proq pul sarflaydi, foizi past ipoteka kreditlari bilan yirik haridlar qilishi ko’payadi va bular hammasi iqtisodni yaxshilanishi uchun xizmat qiladi. Aksiya bozori uchun ham past foiz stavkasi ijobiy holat hisoblanadi. Chunki, kompaniyalar arzon qarz/kreditlar olib rivojlanishi tezlashadi va bundan tashqari, past foizli obligatsiyalarga qaraganda investorlar uchun aksiyalar yaxshiroq tanlov bo’lib ko’rinadi.
Foiz stavkalarining juda past bo’lishining salbiy tomonlari ham bor. Bulardan biri – inflyatsiya. Arzon qarz/kreditlarga bo’lgan talabning oshishi iqtisodda umumiy talabning taklifdan keskin oshib ketishiga olib keladi va narx-navo ko’tarilib, valyuta o’zining qadrini yo’qotishi ortadi. Bunday holatda, inflyatsiyani jilovlash uchun qilinadigan monetar siyosatlardan biri – foiz stavkasini oshirish hisoblanadi. Foiz stavkasini oshirish yuqorida sanab o’tilgan kompaniya, iste’molchi va aksiya bozori uchun salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Foiz stavkasining aksiya bozoriga ta’siri
Aksiya bozorining misolida ko’rsak, foiz stavkasi oshirilsa, endilikda kompaniyalar banklardan oladigan kredit yoki boshqa qarzlarga ko’proq pul to’lashiga to’g’ri keladi. Bu esa, kompaniyalarning kelgusida kutilayotgan daromadlarini kamayishiga olib keladi va faoliyatini kengaytirishda qarz mablag’laridan foydalanishni cheklaydi. Ayniqsa, kichik va endi o’sib kelayotgan kompaniyalar uchun foiz stavkasini ko’tarilishi salbiy ta’sir qiladi. Umuman olganda, foiz stavkalari oshirilsa, aksiya bozoriga salbiy ta’sir qiladi. Bu salbiy ta’sir qiymat aksiyalariga nisbatan, qimmat baholangan texnologiya va o’sish aksiyalariga ayniqsa yomon ta’sir ko’rsatadi.
AQSh foiz stavkasining hozirgi holati va kutilayotgan o’zgarish
2020-yil mart oyida pandemiya boshlanganda, iqtisodni qo’llab-quvvatlash maqsadida Federal Rezerv foiz stavkasini 1.25% dan 0.25% ga tushirgan edi. Eng minimum hisoblangan bu foiz stavkasi hozirgacha o’zgartirilmadi. Bu esa yuqorida aytib o’tilganidek inflyatsiyani oshib ketishiga ta’sirini o’tkazmoqda. Shuning uchun ham, Federal Rezerv foiz stavkasini ko’tarishni rejalashtirmoqda. 2022-yilda AQSh foiz stavkasi kamida 3 marotaba ko’tarilishi kutilmoqda.
raxmat! Aynan bugungi xolat uchun ayni muddao bo`ldi am`lumot
Arzimaydi!
raxmat. bundan xam ko`proq malumotlani kutib qolamiz allox ishlarinaga baraka bersin
Ajoyib maʼlumotlar oldim kattakon rahmat
Assalomu alaykum! Sizlardan chindan minnatdorman. Ishlaringizning omadini bersin. Men ham shu sohaga qiziqaman, ammo hozircha moliyaviy ahvolim unchalik yaxshi emas sizlarda shunday vaziyatda bo’lgan insonlar uchun ham qandaydir yordamlar bormi? Agar bo’lganda bu imkoniyatdan foydalangan bo’lardim.