27 yoshli Ankiti ‘unicorn’ga (1 milliard dollarga baholangan startup) asos solgan Hindistonlik ilk ayol bo’lish arafasida. Uning onlayn savdo bilan shug’ullanuvchi Zilingo nomli ‘startup’i investorlar tomonidan oxirgi marta sarmoya kiritilganda 970 million dollarga baholangan. 2015-yilda yosh qiz tomonidan asos solingan kichik startup qisqa vaqt ichida qanday qilib ulkan muvaffaqiyatga erishdi?
Biznes g’oyasining paydo bo’lishi.
Hammasi Ankitining 2014-yil Tailandga qilgan safaridan boshlanadi. Bangkokda do’stlari bilan dam olib yurganda, u Chatuchak nomli bozorga boradi. Bozordagi xususiy tadbirkorlar tomonidan yaratilgan minglab turli mahsulotlarni ko’rgan Ankiti hayratga tushadi va onlayn sotib olish mumkinligi haqida qiziqadi. Savdogarlar esa qanday qilib onlayn sotish haqida yaxshi bilishmaydi va Ankitida bu mahsulotlarni bir platformaga jamlab onlayn sotish fikri paydo bo’ladi.
Kompaniyaga asos solinishi va biznesning kengayishi
Kompaniyaga 2015-yil Ankiti Bose va Dhruv Kapoor tomonidan asos solinadi. Kompaniya dastlab o’z faoliyatini kichik tadbirkorlar tomonidan tayyorlangan kiyim-kechak va moda mahsulotlarini sotishdan boshlaydi. Bangkok va Jakartalik kichik tadbirkorlarga Zilingo tomonidan mahsulotlarni onlayn joylashtirish, yetkazib berish va molivaviy xizmatlar taklif etiladi. Ayni vaqtda, Zilingo ‘Sequoia India’ kompaniyasidan ketma-ket uch marotaba umumiy hisobda 80 million dollar investitsiya qabul qiladi va faoliyatini yanada kengaytirishni boshlaydi. Keyinchalik kompaniya xizmat turlari yanada kengaytiriladi. Mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar o’rtasida yetkazib berish, ishlab chiqarishni moliyalashtirish, omborni samarali boshqarish kabi yangi xizmat turlari qo’shiladi.
Shuningdek, Zilingo qisqa muddat ichida bir necha davlatlarga mahsulotlarni yetkazib berishni boshlaydi. 2017-yilning o’zida kompaniya Hong Kong, Koreya, Vetnam, Kambodiya, Indonesiya va Tailand mamlakatlariga mahsulotlarni yetkazib beradi. 2019-yilda esa bu mamlakatlar safiga AQSH qo’shiladi va Zilingo asosiy e’tiborini ulgurji savdoga qaratadi. AQSH bozoriga B2B xizmati bilan muvaffaqiyatli kirish orqali Zilingo yana yirik investitsiyalarni qabul qiladi: $226 million va $308 million.
Kompaniyaning hozirgi holati
Zilingo kompaniyasi hozirda dunyoning turli qismida 8ta ofisga ega va bu kompaniyada 500 dan ortiq kishi ish faoliyatini yuritmoqda. Shuningdek, 50,000 dan ortiq ishlab chiqaruvchi, chakana savdogar, distribyutor, va katta-kichik brendlar bilan hamkorlik qilmoqda.
Kompaniya vebsayti: https://zilingotrade.com/en/
Bozorda kuchli raqobatchilar mavjud bo’lgan sharoitda oddiy g’oyadan qisqa vaqt ichida 1 milliard dollarlik biznes qurish albatta oson ish emas. Ankitining bu erishgan muvaffaqiyati ko’plab yosh tadbirkorlarga, ayniqsa o’z biznesini yuritayotgan ayol tadbirkorlarga, yaxshi na’muna bo’la oladi.
Pingback: UPLIFT - Coupang: Harvarddagi o’qishini tashlab ketgan talabaning 'startup'i yohud Koreyaning Amazonga javobi