Sizda ajoyib biznes g’oyasi paydo bo’ldi. Siz yaratadigan mahsulot yoki xizmat o’z haridorlarini tezda topishiga va biznesingiz muvaffaqiyatli bo’lishiga ishonchingiz komil. Shijoatingiz bu biznesni tezda yo’lga qo’yishga undamoqda. Lekin… shoshilmang. Statistik ma’lumotlarga ko’ra, yangi ochilgan bizneslarning 50% dan ko’pi birinchi 5 yilda, 30%i esa birinchi yilning o’zida kasodga uchrab yopilib ketadi. Yangi biznesning muvaffaqiyatsizlikka uchrashining asosiy sabablaridan biri ishni yo’lga qo’yishni puxta rejalashtirilmaslikdir.
G’oyani xaqiqiy mahsulot yoki xizmatga aylantirishning fundamental va sinalgan bosqichlari mavjud. Biznesni muvaffaqiyatli boshlab olish uchun quyidagi bosqichlardan o’tishni tavsiya qilamiz.
1. Sizning g’oyangiz qaysi muammoga yechim bo’lishini aniqlang.
Har bir kompaniyaning tub funksiyasi jamiyatdagi qaysidir muammoga yechim topish hisoblanadi. Birinchi navbatda, sizning g’oyangiz qaysi muammoni yechishga qaratilganini aniqlashtirib oling. Agar muammoga boshqa kompaniyalar yechim topgan bo’lsa, bu kompaniyalar nimani e’tibordan qochirmoqda? Sizning mahsulot yoki xizmatingizning o’ziga xos tomonlari qanday?
2. Bozorni o’rganing.
Sizning g’oyangiz juda zo’r va o’ziga xos bo’lishi mumkin, lekin uni sotish uchun bozor bormi? Kimlar sizning mahsulot yoki xizmatingizni harid qiladi? Ko’plab yangi kompaniyalar bozorni to’liq o’rganmay turib faoliyatini boshlaydi va keyin oldinga yura olmaydi. Siz bozordagi talabni o’rgangan holda quyidagi savollarga aniq javob berishingiz muhim:
- G’oyangiz uchun bozorda yetarlicha talab bormi? Talab kelajakda ko’payadimi?
- Mahsulot yoki xizmatingizni asosan kimlar sotib oladi?
- Raqobatchilaringiz kimlar? Ular muvaffaqiyatlimi?
- Bozorning qancha qismi egallanmagan?
- Siz bozorga qanday kirib borasiz?
- Narxni qancha qilib belgilaysiz?
Ushbu savollarga javob topish orqali, g’oyangizni amalga oshirish arziydimi yoki yo’qligini aniqlab olasiz.
3. Puxta moliyaviy reja tuzing.
Bozor tadqiqotlaridan ijobiy javoblar olsangiz, endi navbat puxta moliyaviy reja tuzishga. Biznesni yo’lga qo’yishdan oldin yaxshilab hisob-kitob qilib olishingiz kerak, bu biznesingiz sog’lomligi va rivojlanishi uchun juda muhim.
Birinchi navbatda, biznesni yo’lga qo’yish uchun qancha mablag’ kerakligini hisoblang. Bularga, biznesni ro’yxatdan o’tkazish, ishchi yollash, kerakli asbob-uskunalar sotib olish, xom-ashyo harajatlari, ofis arendasi va boshqalar kiradi. Shundan so’ng, mablag’ni qayerdan olish haqida o’ylang. Zarur mablag’ning hammasi sizga tegishlimi yoki ma’lum miqdorda qarz olasizmi, balki investor jalb qilarsiz? Agar biznesingiz “o’xshamasa” qancha pul yo’qatasiz, qancha qarzga kirasiz? Hammasini hisoblang.
Shuningdek, biznes ishlab turishi uchun (savdo bo’lmagan paytlar ham) qancha pul kerakligini hisoblab chiqing. Qilgan harajatlarinigizni qoplash uchun qancha muddat talab qilinadi (‘break-even point’ qachon)? Va nihoyat, kelgusida oladigan daromadlaringizni hisoblang. Birinchi yil qancha savdo qilishni maqsad qilyapsiz? Ikkinchi yil savdo hajmi qanchaga ortadi? Shu kabi savollarga javob berish orqali, iloji bo’lsa, 1-3 yil muddatning moliyaviy rejasini tuzib chiqing.
4. Mahsulot yoki xizmatning to’liq kontsepsiyasi va brendingizni yarating.
Endi, mahsulot va xizmat g’oyasini amaliyotga tatbiq qilish va brendni ishlab chiqish vaqti keldi. Siz nimani yaratmoqchisiz, u qanday ishlaydi, xususiyatlari qanaqa, yaratishda nimalar ishlatiladi va ko’rinishi qanday bo’lishini aniqlab olishingiz kerak. Bu bosqichning muhimligi shundaki, sizning g’oyangiz amaliyotda qanday ko’rinishga ega bo’lishi va haridorning qo’liga qanday yetib borishi aynan shu bosqichda ishlab chiqiladi. Keng miqyosda mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmatlarni taklif qilishdan oldin, prototip mahsulot/xizmat yarating va xaqiqiy iste’molchilarda sinab ko’ring, ularning taklif va tanqidlarini inobatga oling.
Shuni esdan chiqarmangki, muvaffaqiyatli barcha bizneslarni ularning logotipi, rangi, yoki rasmidan osongina tanib olish mumkin. Esda qolarli kompaniya brendini yaratish uchun katta kompaniya bo’lish shart emas. Asosiysi, brenddagi uyg’unlik va kompaniya-mijoz qadriyatlarining aks etishi.
5. Biznes faoliyatingizni qonuniy ro’yxatdan o’tkazing.
Va nihoyat, g’oyangizni biznes sifatida qonuniy rasmiylashtirish vaqti keldi. Kerakli hujjatlarni tayyorlang, davlat ro’yxatidan o’ting va biznes faoliyatini qonuniy yo’lga qo’ying.
Sabr bilan puxta rejalashtirish – biznes g’oyangizni xaqiqatga aylantirishning kalitidir. Agar yuqorida keltirilgan amallarni bosqichma-bosqich qilsangiz, biznesingizni muvaffaqiyatli yo’lga qo’yish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo’lasiz.
Prosta super. Omad silaga shunaqa chotki malumotlar chiqarishdan töxtamela💪
Rahmat! Maqola yoqqanidan xursandmiz 🙂
Foydali ma’lumotlarni har kuni qo’yib boramiz.
Maqola uchun rahmat! Yangi biznes va startaplarni boshlash uchun ajoyib maslahatlar! Yangi maqolalarni kutib qolamiz!