Oxirgi 10 yillikda e-commerce (onlayn savdo)ning jahondagi yillik o’sish darajasi o’rtacha 20%ni tashkil qilayotgan edi. COVID-19 pandemiyasi onlayn savdo va yetkazib berish xizmatiga bo’lgan talabni yanada oshirib yubordi. Boshqa sohada faoliyat yuritadigan ko’plab bizneslar inqiroz yoqasiga kelib qolgan bir paytda onlayn savdo shiddat bilan o’sib bormoqda. Ushbu maqolada Koreyaning «Amazon»i sifatida ta’rif beriladigan Coupang kompaniyasi muvaffaqiyati haqida tanishtirib o’tamiz.
Coupang kompaniyasi 2010-yilda Harvard Universitetidan o’qishini (MBA) tashlab ketgan Bom Kim tomonidan asos solingan. Hozirda, Coupang Koreyaning eng qimmat baholangan startupi va eng yirik e-commerce kompaniyasi hisoblanib, uning yillik savdo hajmi 2019-yilda 5.8 milliard AQSH dollarini (taqqoslash uchun, O’zbekiston YAIMning 10%i atrofida) tashkil etgan.
Coupang haqida qisqacha:
- Asos solingan yil: 2010-yil
- Kompaniya asoschisi: Bom Kim (41 yosh)
- Asosiy faoliyat turi: Onlayn savdo
- Yillik savdo hajmi: 5.8 milliard AQSH dollari (2019-yil)
- Kompaniya baholanishi: 9 milliard AQSH dollari
Bom Kim – Coupang kompaniyasi asoschisi
Bom Kim 1978-yil Koreyaning Seul shahrida tug’ilgan va 7 yoshida AQSHga ko’chib ketgan. U Harvard Business Schoolda 6 oy o’qiganidan so’ng o’qishini tashlab ketadi. Bergan intervyularidan birida, Harvarddagi o’qishini davom ettirmaganining sababi, o’sha paytda uning uchun muhim bo’lgan g’oyalari ustida ishlash uchun vaqt juda qisqa bo’lgani va asosiy vaqtini kompaniyasini yaratishga bag’ishlaganini aytib o’tgan. Harvarddan ketganidan so’ng, biroz vaqt Boston Consulting Group firmasida ishlaydi va keyin Vintage Media Company nomli kompaniyaga asos soladi. 2009-yilda bu kompaniyani sotib, Coupangni yaratishga kirishadi.
Forbes jurnaliga ko’ra, hozirda Bom Kim Koreyaning eng boy kishilari ro’yxatida 1 milliard AQSH dollar bilan 31-o’rinni egallagan (2020-yil, Iyul holatiga ko’ra).
Coupang faoliyatining boshlanishi va rivojlanishi
Coupang dastlab 2010-yilda AQSHda biznes faoliyatini ro’yxatdan o’tkazadi. Koreyadagi onlayn savdoning o’sib borayotgani va uning kelajagini ko’rgan Bom Kim biznesini 2011-yil Koreyaga ko’chiradi. Keyingi yil kompaniya uchun chinakamiga o’sish va kengayish yili bo’ladi. 700dan ortiq ishchi yollaydi va 12 millionga yaqin foydalanuvchiga xizmat ko’rsatishni boshlaydi.
2016-yil yillik savdo hajmi 1 milliard AQSH dollaridan oshganidan so’ng, Coupang Koreyaning «Amazon»i maqomini qo’lga kiritadi.
Coupang faoliyatini boshlaganidan 2018-yilgacha 8 marotaba, umumiy hisobda 3,6 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiya qabul qiladi. Coupangning asosiy investorlari – Softbank, Sequoia Capital, BlackRock kabi yirik venchur kapital investorlar.
Koreyadagi onlayn savdo kompaniyalar o’rtasidagi raqobat
Onlayn xaridlar miqdori bo’yicha Koreya dunyoda 5-o’rinda turadi (Xitoy, AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Koreya). Yuqori internet tezligi, aholining zich joylashuvi va zamonaviy texnikalardan faol foydalanishi natijasida Koreyada onlayn savdo juda ham rivojlangan. Koreya onlayn savdo bozori biznes uchun o’ta jozibador bo’lishi bilan birga mahalliy kompaniyalar o’rtasida shafqatsiz raqobat mavjud. Bu raqobatchi yirik kompaniyalar qatoriga eBayga qarashli Gmarket va Auction, SK Planetga qarashli 11th Street va shuningdek, Naver, Tmon kabi kompaniyalar kiradi.
Yuqorida berilgan rasmda Koreya onlayn savdo biznesidagi eng yirik raqobatchi kompaniyalarni ko’rishingiz mumkin. Bu kompaniyalarning deyarli barchasi (Coupang va Tmondan tashqari) 2000-yillarning boshida ochilgan va yaqingacha ularning orasida hech bir kompaniya yetakchilikni yaqqol qo’lga ola olmagan. Bozor raqobatchilar bilan to’lgan bir vaqtda va ulardan bir necha yillar keyin ochilgan Coupang, Koreyaning eng yirik e-commerce kompaniyasiga aylanishni uddaladi. Buning siri nimada deb o’ylaysiz?
Coupangning muvaffaqiyati siri nimada?
Raqobatchi kompaniyalardan Coupangning eng katta ustunlik tomonlaridan biri – buyurtmalarni qisqa vaqtda yetkazib berishdir. Kompaniya hisobotlariga ko’ra, hozirda, Coupang logistika markazlari Koreya aholisining 70% qismiga 10 minutlik uzoqlikda joylashgan. Buyutma qilingan mahsulotlarning 99%i 24 soat ichida o’z manziliga yetkaziladi.
Bejizga Coupangni Amazonga qiyoslashmaydi. Muvaffaqiyatga erishishda o’xshash tomonlari bir qancha. Bom Kim ham Jeff Bezos singari mahsulotlarni yetkazib berish jarayonining muhim ekanligini erta anglab yetadi. Faoliyatining dastlabki yillaridanoq Coupang o’zining logistika tarmog’ini yaratish uchun millionlab dollar sarflaydi. Mahsulotlarni saqlash uchun Koreya bo’ylab 200 dan ortiq omborlar quradi. Minglab yuk tashuvchi mashinalar sotib oladi.
Coupang muvaffaqiyatining ikkinchi sababi – doimiy ravishda innovativ va qulay xizmatlar taklif etishidir. Yuqorida aytib o’tilgan 24 soat ichida Koreyaning istalgan burchagiga yetkazib berish bir necha yil oldin joriy qilingan bo’lsa, o’tgan yili kompaniya tomonidan tong saharda yetkazib berish xizmati (Dawn delivery) ishga tushdi. Bu xizmat turidan foydalansangiz, mahsulotlarni kechasi 12gacha buyurtma qilasiz va keyingi kun ertalab 7gacha buyurtmangiz eshigingiz tagiga yetkazib beriladi. Bundan tashqari, kompaniya yangi meva-sabzovotlarni bir kunning o’zida yetkazish xizmatini ham yo’lga qo’ygan – ertalab buyurtma qilasiz va kechki 6gacha qabul qilasiz. Qulay va yangi xizmatlarni doimiy taklif etib borish bilan Coupang nafaqat xaridorlarning sevimli kompaniyasiga aylanmoqda balki raqobatchilaridan ancha ilgarilab ketmoqda.
Fast Company tomonidan Coupang 2020-yilda Osiyoning eng innovativ kompaniyalari orasida 2-o’ringa loyiq deb topildi. 1-o’rinni esa Hindistonlik qiz tomonidan asos solingan Zilingo kompaniyasi egalladi.
Kompaniyaning hozirgi holati
Coupang hozirda Koreyaning onlayn savdo bilan shug’ullanuvchi eng yirik kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniyada 10,000dan ortiq kishi ish faoliyatini yuritmoqda. Seul, Shanghai, Beijing, Los Angeles, Seattle va Silicon Valleyda o’z ofislariga ega.
Coupang faoliyatini startup sifatida boshlaganiga 10 yil bo’ldi. Shu vaqt ichida butun Koreya bo’ylab o’zining maxsus logistika tarmog’ini yaratdi, xaridorlarga qulay va innovativ xizmatlarni ishlab chiqdi, keskin raqobat mavjud bo’lgan bozorda yirik kompaniyalarni ortda qoldirdi va Koreyaning eng yirik e-commerce kompaniyasiga aylandi. Hozir Coupang Koreyaning «Amazon»i deb bemalol ayta olamiz. Lekin Coupang asoschisi Bom Kim bu «laqab» bilan cheklanib qolmoqchi emas. Koreyada yetakchiga aylangan Coupang, endilikda, dunyo bozoriga kirib borishni rejalashtirmoqda. Balki bir necha yillardan so’ng, «Koreyaning Amazon»i atamasi butkul yo’qolib, Koreyaning Coupanggi va AQSHning Amazonini dunyo bozoridagi asosiy raqobatchilar sifatida ko’rarmiz. Nima deb o’ylaysiz?
Shuningdek, e-commerce bugungi O’zbekistonda embrion holatda ekanligi, bu sohada ulkan potensial bo’la turib, rivojlanishdan ancha ortda qolayotgani haqida ham o’ylab ko’ring.