You are currently viewing Gojek: 20 ta mototsikl bilan boshlangan startapning ‘decacorn’ga aylanishi

Gojek: 20 ta mototsikl bilan boshlangan startapning ‘decacorn’ga aylanishi

Gojek haqida ko’pchilik eshitmagan bo’lishi mumkin lekin uning bosib o’tgan muvaffaqiyat yo’lini o’rganish biznesga qiziqqan har bir kishi uchun ilhom bag’ishlaydi. Chunki bu kompaniya raqobatga to’la hozirgi biznes dunyosida noldan milliardga ko’tarilgan muvaffaqiyatning yaqqol na’munasi.

Bundan 5 yilgina oldin mototsikl taksi xizmatlari uchun mobil ilovasini ishga tushirgan Gojek, hozirgi kunda 12,5 milliard AQSH dollariga baholanib, GoRide, GoFood, GoPay kabi 20 dan ortiq xizmat turlarini taklif qiluvchi yirik kompaniyaga aylandi. 2019-yilda Fortune jurnali tomonidan Dunyoni o’zgartirgan kompaniya deb topildi va top 20talik ro’yxatdan joy oldi.

Ushbu maqolada Indoneziyaning birinchi decacorn (10 milliard AQSH dollaridan ortiqqa baholangan) startapi – Gojek muvaffaqiyat yo’li haqida ma’lumot beramiz. O’zbekiston biznes muhiti bilan bir qancha o’xshash jihatlar mavjud.

Gojek haqida qisqacha:

  • Asos solingan yil: 2010-yil
  • Kompaniya asoschilari: Nadiem Makarim va Michaelangelo Moran
  • Faoliyat turi: Ko’p tarmoqli xizmatlar onlayn platformasi (transport, yetkazib berish, to’lov, va h.k.)
  • Bosh ofis: Jakarta, Indoneziya
  • Kompaniya baholanishi: 12,5 milliard AQSH dollari (Iyun, 2020)
  • Foydalanuvchilar soni: 170 milliondan ortiq (Iyun, 2020)

Biznes g’oyasining paydo bo’lishi

Gojek g’oyasi kundalik hayotdagi ko’pchilik duch keladigan muammoga oddiy javob topishdan boshlanadi. Indoneziyada «ojek» deb ataluvchi mototsikl-taksilar juda keng tarqalgan (kompaniya nomi ham shu so’zdan olingan). Ojeklar foydalanish uchun arzon, tez va ko’pchilik uchun tirikchilik manbai hisoblanadi. Gojek paydo bo’lishidan avval, muammo shunda ediki, ojek haydovchilari ko’p vaqtini yo’lovchi izlashga sarflar, yo’lovchilar esa bo’sh ojeklarni oson topa olishmas edi. Buning ustiga, haydovchilar ko’p hollarda o’zlari istagan baland narxlarni belgilab olishardi.  

Bu muammoni yechish uchun Nadiem Makarim, kompaniya asoschilaridan biri, 20ta mototsikl va 10 nafar ishchi bilan telefon qo’ng’iroqlari markazini tashkil qiladi. Dastlabki yillarda Gojek haydovchi va yo’lovchilarni bir-biriga bog’lab beradigan va kuryer xizmatlarini amalga oshiruvchi kichik startap sifatida faoliyat yuritadi.

Jakarta ko’chalari. Manba: Facts of Indonesia

Gojek faoliyatining kengayishi

Gojek faoliyatining chinakamiga kengayishi  2015-yilda boshlanadi. Shu yilda u o’zining mobil ilovasini ishga tushiradi va foydalanuvchilar soni keskin ortib ketadi. Mobil ilova orqali dastlab 3 xil xizmatlar taklif qilinadi: GoRide (mototsikl taksi), GoSend (pochta xizmati), GoShop (oziq-ovqat yetkazib berish). 2018-yilga borib esa xizmat turlari soni 18taga yetadi va Gojek turli xizmatlarni bitta platformada taklif qiluvchi super appga aylanadi. 

Gojek ommalashib borgan sari ko’plab chet el kompaniyalari qiziqish bildira boshlaydi. Hozirgacha Gojekka 30ga yaqin yirik kompaniyalar tomonidan investitsiya kiritilgan. Bu kompaniyalar qatoriga Visa, Tencent, Mitsubishi, Google, Sequoia va boshqalar kiradi.  Shu yilning boshida Facebook va PayPal ham Gojekka investitsiya kiritdi. 

Gojekning hozirgi xizmat turlari. Manba: gojek.com

Gojekning muvaffaqiyati siri nimada?

1. Muammoga oqilona yechim.

Indoneziyada hamma to’qnash keladigan kundalik muammolardan biri bu – bir joydan boshqa joyga borish. Indoneziya 15,000ga yaqin oroldan tashkil topgan va unda 270 million aholi yashaydi. Orollar aro pochta va yetkazib berish xizmati qimmat va ko’p vaqt oladi. Shuningdek, Jakarta kabi katta shaharlarda ko’chalar doim tirband. Mashinada erkin harakatlanish qiyin. Gojekning xizmatlari esa bu sanab o’tilgan muammolarga barcha foydalanuvchilar uchun qulay usulda yechim topgan. 

2. Kichik tadbirkorlarni qo’llab-quvvatlashi.

Gojek faoliyatining ilk yillaridanoq kichik tabdirkorlarni qo’llab-quvvatlab kelgan. Oldinlari ojek haydovchilari faqatgina o’zlari izlab topgan yo’lovchilarni tashish bilan cheklanib qolishgan. Gojek esa bu haydovchilarga daromadini bir necha barobarga ko’paytirishga imkon berdi. Endilikda haydovchilar mijoz izlab yurishmaydi balki tayyor yo’lovchini manziliga tezda yetkazibgina qolmay, yo’l-yo’lakay pochta xizmatlari va oziq-ovqatlarni ham yetkazib berish bilan qo’shimcha pul ishlay oladi. Shuningdek, restoran va do’konlar ham yetkazib berish xizmatlari tufayli oldingidan ko’proq daromad ko’rishmoqda.

Bundan tashqari, Gojek kichik tadbirkorlarni moliya, marketing va savdo ko’nikmalarini oshirish uchun bepul o’quv kurslari tashkil qilgan. O’tgan yil Ramazonda esa, foydalanuvchilari oilalarini moddiy qo’llab-quvvatlash maqsadida tibbiy yordamga muhtoj bolalar uchun fond tashkil qildi. 

3. Mahalliy bozorni yaxshi tushunishi.

Gojek mahalliy mijozlari nima xohlashini, ularning ma’daniyati va an’analarini juda yaxshi tushunadi va shunga mos biznes strategiyalarni ishlab chiqadi. Aynan mana shu jihati bilan Uberdan ustunlikka ega. Ma’lumot uchun, Uber 2018-yilgacha Indoneziyada faoliyat yuritgan va o’z ulushini Grabga (Gojekning eng katta raqibi) sotib bozorni tark etgan.

Gojek Vietnam va Tailandda faoliyatini boshlaganda ham mahalliy bozor muhitini inobatga olishni unutmadi. Mahalliy ishchilar kompaniya nomini o’zlari tanlashiga imkon berdi va Tailandda Get, Vietnamda Go-Viet nomi bilan xizmatlar ishga tushirildi.

4. Kuchli liderlik. 

Gojekning muvaffaqiyatga erishishida kompaniya asoschisi Nadiem Makarimning o’rni katta. Makarim 26 yoshida kichik ofisda 20ta motosikl bilan Gojekka asos soldi. Oddiy xalq har kuni duch keladigan muammoga oqilona yechim topdi va bu orqali odamlarning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yaxshilanishiga katta hissa qo’shdi. Uning uzoqni ko’ra bilish qobiliyati tufayli xizmatlar soni ortib bordi va qisqa vaqt ichida Gojek Indoneziyaning 1-decacorniga aylandi. Nadiem Makarim o’tgan yili Indoneziyaning Ta’lim va Ma’daniyat vaziri etib tayinlandi.

Nadiem Makarim – Gojek asoschilaridan biri. Indoneziyaning hozirgi Ta’lim va Ma’daniyat vaziri.

O’zbekistonda biznes yuritishda Gojekdan nimani o’rganishimiz mumkin?

E’tiborli tomoni shundaki, Gojekning paydo bo’lishiga Indoneziya oddiy xalqining transportdagi kundalik qiyinchiliklarini yumshatish istagi turtki bo’lgan. Ya’ni, ojek egalari kichik mablag’ bilan mototsikl olib tirikchilik qiluvchilar bo’lsa, mototsikl taksilardan foydalanuvchilar esa aksariyati shaxsiy transportga ega bo’lmagan oddiy odamlardir. 

Oddiy xalqning qiyinchiligini yengillatish, ularga qulaylik yaratish va iqtisodiy-ijtimoiy holatini yaxshilashga yordam berish – Gojek biznesining fundamenti va asosiy falsafasi. O’tgan 10 yillikda Gojek bu falsafaga sodiq qoldi va hozirgi muvaffaqiyatga erishdi. Bu falsafa kimlargadir yoqmay hukumat tomonidan Gojekning faoliyati ma’lum vaqt cheklab ham qo’yildi. Lekin Indoneziya xalqi Gojekni oqlab katta namoyish qilib chiqdi va Gojek faoliyati qayta tiklandi.

O’zbekiston uchun Gojekdan o’rganishimiz mumkin bo’lgan eng katta narsa, bu – oddiy xalqni qiynayotgan muammolarga innovatsion yechim topilsa va bu mahsulot/xizmat xalqni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qilsa, bu biznes milliard dollarlik kompaniyaga aylanishi aniq.

Atrofingizdagi odamlar kundalik hayotda qanday muammolarga duch keladi? Ularga yechim topib biznes boshlash rejangiz bo’lganmi?

TELEGRAM KANALIMIZGA ULANING →

Do'stlaringizga yuboring

Fikr bildirish