You are currently viewing Hamyonbop narx bilan xaridorning ehtiyojini maksimal qondirish san’ati

Hamyonbop narx bilan xaridorning ehtiyojini maksimal qondirish san’ati

Quyidagi rasmdan qaysi ovqatni tanlagan bo’lardingiz?

Ofisimiz yaqinidagi bu ikki restoran bir-biriga yaqin masofada joylashgan. Tushlik paytida hindcha karri (curry) yemoqchi bo’lsak, men va hamkasblarim hech ikkilanmay o’ng tomondagini afzal ko’ramiz. Chap tomondagining ham ta’mi yaxshi lekin o’ngdagi sal qimmat bo’lsa ham baribir o’ziga tortadi. Nima uchun mendan karri haqida so’rayapti deb o’ylayotgandirsiz.. Bunga maqolaning so’nggida yana to’xtalamiz.

Keling, birinchi avtomobil sanoatining uzoq va yaqin o’tmishidan ikki misolni ko’rib chiqsak:

Ford

Henry Ford oddiy Amerikaliklar sotib olishi mumkin bo’lgan o’rtacha narxdagi avtomobilga bo’lgan yuqori talabni ko’rib, 1908-yilda Model T mashinasini ishlab chiqarishni boshlaydi. Ford bu modelni doimiy ravishda takomillashtirib boradi. Masalan, dastlabki yillarda haydovchi motorni qo’li bilan o’t oldirgan bo’lsa, keyinchalik avtomatik o’t oldirish mumkin bo’ladi. Bu avtomobil keyingi 20 yillikda eng ko’p sotilgan modelga aylanadi. Shunisi e’tiborliki, mahsulot yaxshilanib borgani sari, narxi oshmaydi, aksincha 1909-yildan 1916-yilgacha Model T ning narxi har yili pasayib boradi. Natijada, savdo hajmi keskin ortadi va xaridorlar orasida Fordning obro’si ham oshib boradi.

Hyundai

Hyundai hozirda dunyoning mashina ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyalari orasida 5-o’rinda turadi. Kompaniyaning muvaffaqiyati xaridorlarga hamyonbop narxlarda yuqori sifatli mashinalar hamda qo’shimcha qulayliklar taklif qilishi bilan bevosita bog’liq. Hyundai
xaridorlarga avtomobil sanoatidagi eng uzoq kafolatlarni taqdim etadi: mashinalar dvigateliga 10 yil, korpusiga 7 yil, turli texnik buzilishlar uchun 5 yil kafolat beradi. Kafolat muddatida mashina buziladigan bo’lsa, xaridor uni Hyundaiga qaytarishi yoki bepul tuzattirishi mumkin. Bunday uzoq muddatli kafolatga qaramay, Hyundai avtomobillariga nisbatan past narxlar belgilaydi. Ularning sifati va zamonaviy jihozlanishi esa yuqori
standardlarga to’liq javob beradi.

Ford va Hyundai misollari orqali xaridor to’laydigan puli evaziga qancha ko’p qulaylik va foydaga ega bo’lishi, biznesning muvaffaqiyati uchun muhimligini tushunishimiz mumkin. Ko’plab muvaffaqiyatli kompaniyalar xaridorlarga sifatli mahsulot/xizmatlarni hamyonbop narxda taklif qilish bilan birga, ularga qo’shimcha β€œbonuslar” berishi savdo hajmini doimiy
o’sishiga sabab bo’ladi.

Xaridor sarflaydigan puli evaziga iloji boricha ko’proq narsa taklif qilish istalgan biznesda yaxshi natija beradi. Buni yuqorida keltirilgan hind restoranining misolida ham ko’rish mumkin. Ikki taomning narxi katta farq qilmaydi lekin 8 dollarlik taomda ma’zali va to’yib ovqatlanish ehtiyojini maksimal qondirish mumkin. Shuningdek, restoran boshqaruvchisi
doim ochiq chehra bilan kutib oladi va ovqat tayyor bo’lguncha shifobaxsh choy taklif qiladi. Qo’shimchasiga kofe va salatning bo’lishi esa boshqa restoranlardan farqli ravishda o’ziga tortadi.

Biznesingiz hajmi va turidan qa’tiy nazar, xaridorni «ko’nglini ovlab» maksimal natijalarga erishish mumkin. Ba’zida xaridorni bir chashka bepul kofe bilan siylashingiz hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Do'stlaringizga yuboring

Fikr bildirish