“Agar sizning biznesingiz internetda bo’lmasa, unda u biznes bo’lmay qoladi”. Bill Geyts.
Yuqoridagi suratdagi inson Scott Monty, Ford Motor kompaniyasining multimedia
aloqalari bo’yicha menejeri bo’lib ishlagan (2008-2014). Kompaniyaning ijtimoiy
tarmoqlardagi faoliyati bo’yicha ma’sul hisoblangan Scott, Forbes tomonidan dunyoning
eng kuchli influencerlari o’nligiga kirgan. Bugun biz Scott Montyni dunyoga mashhur
qilgan va marketingda o’ziga xos inqilob sifatida ko’riluvchi Fiesta Movement deb
nomlanuvchi ijtimoiy tarmoq aksiyasi haqida so’z yuritamiz.
2009-yilda Ford Motor o’zining Fiesta modelining yangilangan versiyasini taqdim etadi.
Bu marka boshqalariga qaraganda ixchamligi va qulayligi bilan ajralib turar edi. Scott
boshchiligidagi jamoasi mashinalarni sotish va xaridorlar e’tiborini jalb qilish uchun o’ziga xos yo’l tanlaydilar. Bu yo’l – ijtimoiy tarmoqdagi katta auditoriyaga ega insonlar orqali omma e’tiborini tortish edi. Bu ayniqsa yaqin kelajakda potensial xaridorga aylanishi kutilayotgan yoshlarni mashina bilan tanishtirishda samarali bo’lishi lozim edi.
Kompaniya minglab talabgorlar ichidan 100 nafarini tanlab olib, ularga yangi Fiestani 6 oy davomida bepul haydab yurish uchun taqdim qiladi. Shuningdek, ularga tekin yoqilg’i,
sug’urta va o’zlarini holis fikrlarini yozib borishlari uchun video kameralar ham taqdim
etiladi. Yagona talab – mashina haqidagi fikrlar, suratlar va videolarni ijtimoiy tarmoqlarda
berib borish edi. Bu aksiya shunchalik mashhur bo’lib ketdiki, odamlar unga Fiesta
Movement nomini berishadi. Uning samaradorligini yana shundan ham bilish mumkinki,
ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tarafidan tayyorlangan kontentlar xatto TV va bosma
OAVdagi reklamalar uchun asos bo’lib xizmat qiladi.
Bu aksiya natijasida Ford Facebook ijtimoiy tarmog’ida 1.8 million, Twitterda esa 206 ming followerga ega bo’ladi. Solishtirish uchun Fordning asosiy raqobatchisi General Motors o’sha paytda Facebookda 479 ming, Twitterda 91 ming obunachiga ega edi. Fiesta
Movement natijasida:
- Ford birinchi haftani o’zidayoq 10,000 ta mashina sotishga muvaffaq bo’ladi;
- Bu jarayonda 30.000 ta orginal kontent, 40.2 million Twitter va Facebook postlari, 229 millionta potensial xaridorlar ko’ruvi;
- Avval hech qachon Ford haydab ko’rmagan odamlardan 50,000 ta yangi so’rovlar;
- Shuningdek, o’ta sifatli va original media kontentlari The Wall Street Journal, Forbes, USA Today, CNET kabi mashhur nashrlarni bezab bergan.
- Kompaniya taqdim etgan ma’lumotlarga ko’ra, 60% xaridorlar Fiesta modeli haqida taqdimot bo’lib o’tmasidan avvalroq ma’lumotga ega bo’lib bo’lishgan edi. Bu esa an’anaviy media orqali reklama qilinganida ham erishilishi qiyin bo’lgan natija edi.
- BundayTV va OAVdagi reklamaga kompaniya kamida 50 million AQSh dollari miqdorida mablag’ sarflagan bo’lar edi.
Bugungi kunimizda ijtimoiy tarmoqlar orqali mahsulot yoki xizmatlarni reklama qilish
marketingni o’ziga xos yangi yo’nalishiga aylanib, juda samarali va ommaviy usul sifatida ko’pchiligimiz uchun odatiy holga aylanib qolgan. Lekin 2009-yilda bunday ishni amalga oshirish uchun o’z mahsulotingizni tekinga berib yuborishga siz tayyor edingizmi? Scott boshchiligidagi menejerlarni yutig’i shunda ediki, ular ijtimoiy tarmoqlarning salahiyatini oldindan anglab yetishdi. Bugun ham aynan Ford Motor avtomobil ishlab chiqaruvchilar o’rtasida ijtimoiy tarmoqlardan samarali foydalanish bo’yicha yetakchi hisoblanadi.
Agar siz bir, besh yoki o’n yildan so’ng o’zingizni biznes loyihangiz yoki istalgan turdagi
tadbirkorlik faoliyatingizni rejalashtirayotgan bo’lsangiz, unda Uplift jamoasini siz doim
yodingizda tutishingiz kerak bo’lgan maslahati bor: Ijtimoiy tarmoqlar haqidagi
fikrlaringizni tartibga solib oling. Balki siz kundalik hayotda foydalanuvchi oddiy bir
vositaning to’liq kuchini hali anglab yetmagandirsiz? Robert Kiyosaki aytganidek:
“Ko’pchilik odamlar shunchaki yonginasida turgan imkoniyatdan to’g’ri foydalana olishni
bilmagani uchun ham boy bo’la olmaydilar”.