You are currently viewing Kelajak kompaniyalari: Nega dronlar musaffo osmonda erkin ucha olmayapti?

Kelajak kompaniyalari: Nega dronlar musaffo osmonda erkin ucha olmayapti?

Juda muhim emas deb jiddiy e’tibor berilmaydigan byurokratik kichik to’siqlar kelajak rivojiga katta zarar yetkazishi mumkin. Buni O’zbekistonda foydalanish taqiqlangan dronlar misolida ko’rib chiqmoqchimiz. Maqoladan maqsad – kelajagi porloq dron biznesining salohiyatini ochib berish bilan birga, vatanimiz rivojlanishiga to’siq bo’layotgan katta va kichik cheklovlarning salbiy oqibatlari haqida mulohaza qilishga chorlash.

Maqola 3 qismga bo’lingan:

  1. Dronlarni turli sohalarda muvaffaqiyatli qo’llayotgan kompaniyalar.
  2. Kichik o’zgarish/hodisa kelajakda ulkan o’zgarishlarga sabab bo’lishi mumkin – Butterfly effect.
  3. O’zbekiston musaffo osmonida faqat dronlar “erkin ucha olmayaptimi”?

1. Dronlarni turli sohalarda muvaffaqiyatli qo’llayotgan kompaniyalar.

Dastlab harbiy maqsadlarda foydalanish uchun ishlab chiqarilgan dronlar (uchuvchisiz uchish qurilmasi), hozirgi kunda ko’plab sohalarda muvaffaqiyatli qo’llanib kelinmoqda. Dronlar ish unumdorligini oshirishi, harajatlarni kamaytirishi, xizmat sifatini yaxshilashi, xavfsizlik va aniqlik nuqtai nazaridan, innovativ kompaniyalar tomonidan borgan sari o’z faoliyatiga ko’proq tatbiq qilinmoqda. Dronlarni hozirda qishloq xo’jaligi, yetkazib berish, favqulodda holatlar, kino va jurnalistika, arxitektura va haritalash, huquqni muhofaza qilish, ilmiy izlanish, ko’ngilochar va boshqa turli sohalarda faol ishlatib kelinmoqda. Quyida, asosiy faoliyati dron bilan bog’liq bo’lgan kompaniyalarga misollar keltiramiz.

DroneScan

Yirik omborxonalar inventarizatsiyani dronlar yordamida avtomatik amalga oshiradi. Tovarlarni skanerlash samaradorligini qo’l mehnatiga qaraganda 50 martagacha oshiradi. Yig’ilgan ma’lumotlarni mijoz talabiga ko’ra turli programma (SAP, ERP, va h.k.) va fayllarga (Excel, CSV, va h.k.) integratsiyalab beradi.

Saytga o’tish →

SKYX

Bu kompaniyaning dronlari qishloq xo’jaligi ekinlariga o’g’itlarni avtomatik sepadi, hosildorlikni nazorat qiladi va haritalashni amalga oshiradi. O’g’itlash jarayoni dronlar yordamida an’anaviy usulga qaraganda 40-60 barobar tez va aniq bajariladi.

Saytga o’tish →

Zipline

Hayoti xavf ostida qolgan va zarur tibbiy yordamga (dori-darmon, qon, vaksina) muhtojlarga joylashgan joyidan qat’iy nazar, kerakli narsalar dronlar yordamida tez va samarali yetkazib beriladi. Covid-19 pandemiyasiga qarshi kurashishda ham tibbiy buyumlar va shaxsiy himoya vositalari Zipline dronlari yordamida yetkazib berilmoqda.

Saytga o’tish →

Dron biznesining kelajagi porloq. 2019-yilda dronlarning jahondagi umumiy savdo hajmi 1.5 milliard AQSH dollarini tashkil qilgan bo’lsa, 2025-yilga borib bu ko’rsatkich 12 milliard AQSH dollaridan oshishi kutilmoqda

Ma’lumot uchun, O’zbekistonda dronlarni chetdan olib kirish va foydalanish 2015-yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi qarori bilan taqiqlangan. Agar bu tartib buziladigan bo’lsa, jinoiy javobgarlikka tortilib 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi, yana takrorlansa, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi belgilangan. Bu taqiqni olib tashlash tadbirkorlar va aholi tomonidan bir necha marta so’ralganiga qaramay, haligacha o’z kuchida qolmoqda. 

O’zbekistonda tadbirkorlarning dronlarni turli sohalarga qo’llab biznes faoliyati yuritishi uchun imkoniyat yaratib berilishi kerak. “Drondan boshqa muammomiz yo’qmi?”, “Hal qilinishi kerak bo’lgan boshqa muhim narsalar ko’pku” deyishingiz mumkin. Lekin asl muammo mana shunda. Katta muammo va cheklovlar ko’pligidan biz kichik to’siqlarga jiddiy e’tibor qaratmay qo’ydik. Katta muammolar soyasida nisbatan kichiklari e’tiborsiz qolmoqda va kerak bo’lsa o’sha katta cheklov va to’siqlarning o’zini ham hal qilish kechiktirilb kelnmoqda. 

2. Kichik o’zgarish yoki hodisa kelajakda ulkan o’zgarishlarga sabab bo’lishi mumkin – Butterfly effect.

Xaos nazariyasida Butterfly effect deb ataluvchi tushuncha bor. Butterfly effect yoki Kapalak ta’siri shuni anglatadiki, kapalakning qanot qoqishi havoda kichik o’zagarishni yuzaga keltirib, bir necha kundan so’ng boshqa bir joyda tornado kelib chiqishiga sabab bo’lishi mumkin. Qisqacha qilib ta’rif berganda, bu atama, kichik bir narsa yoki hodisaning o’zgarishi boshqa ulkan o’zgarishlarga sabab bo’lishini anglatadi. 

Butterfly effectning Lorenz sistemasida 2 traektoriyada tasvirlanishi. Manba: livescience.com


Biznesda kapalak ta’siriga erishgan kompaniyalarga ko’plab ijobiy misollar mavjud. Ya’ni, ko’rinishidan kichik va oddiy o’zgarish kiritib natijada ulkan muvaffaqiyatga erishgan kompaniyalar bir qancha (Apple,  Amazon, Starbucks, va h.k.). Agar byurokratik kichik cheklovlar bu kompaniyalar faoliyatini boshlashga to’sqinlik qilganida, yoki kichik o’zgarishlar bilan bu kompaniyalar o’z faoliyatini boshlamaganida, hozirgi kunda biz bilgan ko’plab yirik kompaniyalar mavjud bo’lmagan bo’lar edi. Tasavvur qiling, Jeff Bezosda onlayn savdoni tubdan o’zgartirib yuboradigan ajoyib g’oya va ko’nikma bor lekin u yashaydigan chekka bir shtatning Gubernatori aholiga bir kunda 4 soat elektr beradi xolos, va aksiga olib, u yerda internet ham yaxshi ishlamaydi. Natijada, Jeff Bezosning g’oyasi orzu bo’lib qolaveradi. Kichik bir shtatdagi amaldorning kichik byurokratik qarori katta oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Kichik o’zgarish yoki hodisa kelajakda ulkan o’zgarishlarga sabab bo’lishi mumkin.

Amazonning ilk ofisi. Jeff Bezos ish ustida. 1994-yil.

3. O’zbekiston musaffo osmonida faqat dronlar “erkin ucha olmayaptimi”?

Iqtisodiyot rivojiga to’siq bo’layotgan katta cheklovlarni inkor qilib, kichik muammolarga e’tibor berish kerak degan fikrdan yiroqmiz. Necha yillardan beri aholi tomonidan keskin tanqid qilinayotgan avtomobil importiga qo’yilgan “otning kallasidek” bojxona to’lovlari va mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillarning yuqori narxlari… Yoki, viloyat va tumanlarda aholini elektr va gaz bilan to’liq ta’minlashga bo’lgan cheklovlar… Bu kabi katta cheklovlar iqtisodiyot rivojiga shubhasiz ulkan zararlar keltiradi. 

Lekin, bu maqolada asosiy e’tiborimizni dronlarga qo’yilgan taqiq misolida, ko’rinishidan kichik bo’lgan byurokratik va keraksiz cheklovlarga qaratmoqchimiz. Agar kichik to’siq va cheklovlar ham rivojlanishga katta salbiy ta’sir ko’rsatishini tushunib yetsak, katta cheklovlarning oqibatlarini o’zimiz tasavvur qilib ko’rishimiz mumkin.

Xo’sh, O’zbekistonda kichikdek ko’ringan to’siqlar tufayli kimlar yoki qaysi sohalar “erkin ucha olmayapti”? Hokimlarning totalitar siyosati tufayli fermerlar o’z faoliyatini erkin yurita olmayaptimi? Yoki baquvvat tanish-bilishlari bo’lmagan yoshlar o’z yo’lini topishga qiynalyaptimi? Balki investorlar xususiy mulk himoyasining amaldagi teskari ijrosidan qo’rqayotgandir? Internetda yirik biznes loyihalarni qilmoqchi bo’lgan tadbirkorlarchi? Ularga dunyoda 181-o’rinda turuvchi internet tezligi xalaqit bermayaptimi? Ko’rinishidan kichikdek bo’lgan yoki biz allaqachon ko’nikib ketgan bu kabi muammo va to’siqlarning rivojlanishga ulkan salbiy ta’sirlarini inkor etib bo’lmaydi. 

Kelajakdagi katta oqibatlari hisobga olinib kichik muammolar ham jiddiy e’tibor bilan hal qilinishi kerak. Kichik byurokratik cheklovlar buyuk g’oyalarning amalga oshishiga g’ov bo’lmasligi zarur. Napoleon Hillning bir yaxshi gapi bor: “Agar siz buyuk ishlarni qila olmasangiz, kichik ishlarni buyuk usulda qiling”. Huddi shu kabi, agar katta muammolarni birdaniga hal qilishning iloji bo’lmasa, ishni kichik to’siqlarni bekor qilishdan boshlash kerak.

TELEGRAM KANALIMIZGA ULANING →

Do'stlaringizga yuboring

Fikr bildirish