You are currently viewing Abelin Paradoksi – O’zimiz xohlamasakda boshqalar fikriga ergashish

Abelin Paradoksi – O’zimiz xohlamasakda boshqalar fikriga ergashish

  • Post category:Jamiyat
  • Bildirilgan fikrlar:0 Fikrlar

Yozning jaziramasida Texasning Coleman shaharchasida domino o’ynab o’tirgan oilaning o’yini shunchalik uzoq davom etadiki, orada kimdir Abelin shahriga (Colemandan Abelingacha masofa – 84km) borib, ovqatlanib kelishni taklif qiladi. Bu fikrga barcha rozi bo’ladi va ular kun issig’ida uzoq masofa yo’l bosib Abelinga borishadi. Aksiga olib, ular kirgan restoran ham juda bemaza taom tayyorlaydigan bo’ladi va barchani hafsalasi pir bo’lib ortga qaytadi. Uyga qaytib kelgach, kimdir Abelinga borish fikri boshidanoq unga yoqmaganini aytadi. Ozgina muhokamadan keyin esa, bu fikr boshidanoq hech kimga ma’qul kelmagani, hamma faqatgina ko’pchilik shunday qilishni xohlayapti deb o’ylab borishga rozi bo’lgan bo’lib chiqadi.

Coleman shahridan Abelingacha bo’lgan masofa – 84km. Google Maps

1974-yilda menejment bo’yicha J. Harvey «Abelin Paradoksi» tushunchasini birinchi marotaba o’z maqolasida ishlatadi. Ya’ni, odamlar aksariyat hollarda o’zlari rozi bo’lmagan va to’g’ri deb o’ylamagan ishlarini qilishga moyil bo’ladi va bu ishni qilishga aslida ularni hech kim majburlamagan bo’lib chiqadi. Ular shunchaki ko’pchilik odamlar tomonidan qilinayotgan ish bo’lgani uchungina shunday qilishadi. O’zlari istashmasa ham. Bu paradoksni eng muhim nuqtasi esa: Aslida bu ishni aynan shunday qilishni jamoadagi hech bir inson istamayotgan bo’ladi. Xatto lider ham odamlar shunday qilishni istayapti ekan deb o’ylaydi. Bu minglab yillar davomida shakllangan jamoaviy evolyutsiya va tabiiy tanlanish natijasidir. Ommadan ajrab qolishdan qo’rquv – tabiiy o’z-o’zini himoya qilish instinktiga o’xshaydi. Bu instinkt insoniyatga ibtidoiy jamoa tuzumidan me’ros qolgan.

Oldingi maqolalarimizda fikr va tanlov erkinligining muvaffaqiyatga erishish uchun qanchalik katta ahamiyatga ega ekanligi haqida fikr yuritdik. Yuqoridagi paradoks esa, sizni tanlov mustaqilligidan tiyib turuvchi ko’rinmas parda desak bo’ladi. Biznesda va umuman hayotdagi har qanday sohada maqsadga erishish uchun mayda detallarga ko’proq e’tibor berish kerak. Bu sizni kun tartibingizni belgilashdan tortib, kerakli qarorlarni qabul qilishingizda namoyon bo’lishi kerak. Agar yaxshilab e’tibor berilsa, bugungi hayotimiz yuqoridagi paradoks asosida ekanligini ko’rishimiz mumkin. Bizni tanlov erkinligidan chegaralab qo’yuvchi eng asosiy ichki omil aynan shu paradoks hisoblandi. Bu ayniqsa, to’y-marakalarni dabdabali o’tkazishda, yoshlarning o’z iste’dodi bo’yicha emas, ota-onasining xohishiga ko’ra kasb tanlashida ko’proq namoyon bo’ladi. Qilgimiz kelmagan ishlarni qilmayman deb ayta olmaymiz, ommaga qo’shilib ketaveramiz «ho’p» deb.

Ma’lum bir jamiyatlarning ibtidoiy jamoaga qanchalik yaqin va aksincha qanchalik uzoqlashib, rivojlanib ketganligini aynan manashu paradoksni kundalik hayotdagi rolidan bilish mumkin. Fikr mustaqilligini saqlab qolishga harakat qiling. Ayniqsa, individual harakter va hususiyatlaringizni tushunib yeting, zero aynan shular ertaga sizga muvaffaqiyat olib keladi.

Do'stlaringizga yuboring

Fikr bildirish