Ba’zida tarixdagi katta o’zgarishlar mayda, ko’pchilik e’tibor bermaydigan detallar bilan o’zaro bog’liq bo’ladi. Masalan, Rossiya imperiyasining O’rta Osiyoga bosqinchilik yurishlarini tezlashtirib yuborgan omillardan biri, bu – AQSHda boshlanib ketgan Fuqarolar Urushi hisoblanadi. Yoki, 1453-yilda Usmoniylar imperiyasi tarafidan Konstantinoplning (Istanbul) bosib olinishi natijasida Qora Dengiz bo’ylab o’tuvchi Buyuk Ipak Yo’lining muhim tarmog’i faoliyatiga chek qo’yadi. Bu esa o’z navbatida Yevropaliklarni Osiyo davlatlari (xususan, Hindiston) bilan dengiz savdo yo’llarini tezroq topishga undaydi va shu tariqa Kolumb 1492-yilda Amerika qit’asini kashf qiladi.
Bugun esa sizga tarixdagi mana shunday o’ziga xos bog’liqliklardan biri bo’lgan Amerikaliklarning kofe iste’mol qilishi va buni mustaqillik uchun kurashga qanday bog’liqliklari borligi bilan o’rtoqlashamiz. Amerika Revolyutsiyasini o’rganuvchi tarixchilar o’rtasida yarim hazil yarim chin gipoteza mavjud: Amerikaliklar kofe ichishni boshlaganda o’zlarini ko’proq mustaqil his etganlar. Qanday qilib?
Barchamiz bilamizki, bugungi Amerika Qo’shma Shtatlari 1776-yilgacha Britaniyaning koloniyasi hisoblangan. Imperiyaning juda muhim mexanizmlaridan biri hisoblangan Ost Indiya kompaniyasi esa, Amerikaga choy eksporti bo’yicha mutloq monopol tashkilot edi. 1773-yilda Britaniya Parlamenti iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan Ost Indiya kompaniyasini qo’llab-quvvatlash uchun maxsus “Choy Akti” (Tea Act) deb nomlangan aktni qabul qiladi. Bu akt natijasida:
- kompaniya barcha koloniyalarga choy sotishni monopol huquqiga ega bo’ladi;
- eksport va importga oid barcha soliqlardan ozod qilinadi;
- koloniyalardagi choyni faqatgina Ost Indiya dillerlari istagan narxda sotish huquqiga ega bo’ladilar.
Albatta, bu qaror Amerikadagi mahalliy tadbirkorlar g’azabiga uchraydi. Nyu York, Filadelfiya, Charlezton kabi shaharlarda turli namoyishlar bo’lib o’tadi. Shu yili 16-dekabrda esa, Boston portiga yetib kelgan 3 ta kemadagi qariyb 46 tonna choyni 60 ga yaqin mahalliy tadbirkorlar dengizga tashlab yuboradilar.
Yuqoridagi voqeani ko’pchiligimiz maktab darsliklarida o’qiganmiz. Tarixga “Boston choyxo’rligi” nomi bilan kirgan. Aynan shu voqea Amerika Revolyutsiyasining boshlang’ich nuqtasi hisoblanadi. Bu voqeadan keyin Amerikaliklar orasida kofe ichish urf bo’ladi. Mustaqillik uchun kurashchilardan biri, AQSHning ikkinchi Prezidenti bo’lgan John Adams, hatto choyni “sotqinlar ichimligi” deb e’lon qiladi. Amerikaliklar o’z uylarida choy o’rniga kofe ichishni boshlaydilar. Vaziyat shu darajaga borib yetadiki, Amerikaliklar kofe emas, choy ichayotgan odamni vatanga xiyonat qilishda ham ayblashadi.
O’sha davr uchun choy bu Britaniya imperiyasining bosh ramzi bo’lgan. Uni qirol, qirolicha va barcha elita vakillari ichar hamda butun aholi choyga fanatik darajada mehr qo’ygan edilar. Choyni dunyo bo’ylab savdosi esa faqat Ost Indiya kompaniyasining Shri Lankadagi choy plantatsiyalari orqali tashkil qilinar edi. Choyni boykot qilish bu Britaniya Imperiyasini boykot qilish degani edi. Boston choyxo’rligi 1773-yilda sodir bo’lib, mustaqillik uchun urushlar esa 1783-yilgacha davom etadi. Oraliqdagi 10 yil davomida Amerikaliklar kofeni o’ziga hos ta’miga o’rganib bo’lishgan edi. Bugun esa, dunyodagi eng katta 3 ta kofe sotuvchi franshizaning 2 tasi Amerikada tashkil etilgan (Starbucks va Dunkin’).
Shunaqa. Ba’zida tarixdagi katta voqealar kichik iqtisodiy yoki maishiy muammolar natijasida vujudga keladi. Ba’zi holatlarda esa, yuqoridagi kabi oddiy monopol tashkilotga qarshi boshlangan norozilik harakati insoniyat tarixidagi eng taraqqiy etgan svilizatsiyani yaratilishiga sabab bo’lib qolishi mumkin. Aqlni shoshirib qo’yadigan iqtisodiy ko’rsatkichlar, transport, texnologiya, Oy satxidagi birinchi qadamlar, 336 ta Nobel mukofoti sohiblari… Bularning barchasi 250 yil avval kofeni ko’proq ichishdan boshlangan edi.