Hech o’ylab ko’rganmisiz, tarixdagi birinchi ishbilarmon kim bo’lgan bo’lishi mumkin? Bu borada juda ko’plab qiziqarli nazariyalarni yaratish mumkin: Ilk tadbirkor – hali termachilik va ovchilik davri davom etayotgan paytda hayvon terisidan olma tashish uchun foydalanib, hamma kabi 10 ta emas, 20-30 ta mevani birdaniga ilk manzilgohga olib ketishda foydalangan, yoki o’zi ov qilgan 2 ta quyon terisini yonidagi tanishiga uchi o’tkirlangan toshga almashtirib, ertasi kuni shu toshni boshqa bir odamga 2 ta ayiq terisi evaziga berib yuborgan odam ham bo’lishi mumkin. Boshqa tomondan o’ylab qarasa, yuqoridagi savolning javobi foyda olish maqsadida boshqalarga o’z xizmatini taklif etgan, ma’lum bir faoliyatni samaradorligini oshirishda yangilik o’ylab topgan istalgan odam bo’lishi mumkin.
Lekin insoniyat rivojida katta o’rin egallagan eng qadimiy soha bo’lgan savdo va savdogarlarni ko’pchilik tarixchilar dastlabki ishbilarmonlar sifatida takidlashgan. Bugun shu sohaning insoniyat svilizatsiyasida tutgan o’rni haqida ma’lumot beramiz.
Tahminan 5 ming yil avval ilk svilizatsiyalar o’zaro savdo aloqalarini boshlagan vaqtda bu ularning rivojiga juda katta turtki bo’lib xizmat qilgan. Savdo o’z navbatida odamlarni ma’daniy aloqalarini rivojlanishida ham katta o’rin tutgan. Ilk svilizatsiyalar vatani bo’lmish Mesopatamiya va Misrda odamlar kundalik turmush uchun kerakli barcha mahsulotni yaratish juda ko’p vaqt va mehnat talab qilishini bilardilar. Odamlar kerakli narsani boshqa odamlardan o’zlarida bor narsa evaziga ayirboshlash mumkin ekanligini tushunib yetadilar. Dehqon o’zi yetishtirgan donni qo’shnisiga go’sht evaziga ayrboshlashi yoki markaziy bozordan sopol idish olib kelishi mumkin edi. Bunda tabiiy sharoitning turlichaligi, yetishtirish, qazib olish mumkin bo’lgan resurslarning tabiiy ravishda notekis joylashgani xal qiliuvchi ahamiyat kasb etgan. Bunday savdo aloqalari ko’p hollarda juda xavfli va mashaqqatli uzoq sayohatlar evaziga tashkil etilar edi. Lekin bu narsa sarguzashtparast ilk savdogarlarni yo’ldan qaytarib qola olmagan.
Tarixchilarga ko’ra, birinchi uzoq muddatli savdo Mesopotamiya va Shimoliy Hind yarimoroli (Bugungi Pokiston) hududlari o’rtasida bundan 3 ming yil avval tashkil etilgan. O’sha davrda uzoq muddatli savdolar faqat juda kamyob va qimmat bo’lgan mahsulotlarni ayirboshlash uchun tashkil etilgan. Ziravorlar, to’qimachilik mahsulotlari, kamyob moddalar shular jumlasidan. Bunday mahsulotlarga boy shaharlar o’z navbatida yanada boy va qudratli bo’lib boravergan. Yana ozroq vaqtdan so’ng esa, butun Yevrosiyo bo’ylab bunday savdo qatnovlari tashkil etila boshlangan
Dastlab, ilk savdo yo’llari daryolar bo’ylab amalga oshirilgan. Nil, Frot, Dajla va Sariq daryo kabilar bo’ylab ilk shaharlar vujudga kela boshlaydi. Savdogarlar esa, suv yo’llari orqali o’zaro savdo aloqalarini olib borganlar. Miloddan avvalgi 1000-yillarda tuyalarning qo’lga o’rgatilishi natijasida quruqlik orqali ham uzoq masofalarga yuk tashish imkoniyati paydo bo’lgan. Bunday savdo yo’llari o’z navbatida qulay daryo bo’ylarida emas, balki quruqlikdan o’tuvchi savdo yo’llarida ham yangi shaharlarni paydo bo’lishiga olib kelgan. Savdo karvonlari to’xtab o’tishi uchun maxsus turar joylar tashkil etilgan. Bunday shaharlarga qadimgi Gretsiya va Rim imperiyasidagi ko’p shaharlarni, shuningdek, Markaziy Osiyodagi ba’zi qadimiy shaharlarni misol tariqasida keltirish mumkin.
Bunday savdo aloqlarini eng muhim jihatlaridan biri, turli joylarda bo’lib qaytgan savdogarlar o’z ko’rgan-kechirganlari haqida turli hikoyalarni aytib berishar, har-xil ma’daniyatlarni o’zaro solishtirish, yangiliklar, urf-odatlarni o’rganishar va tarqatishar edi.
Xulosa qilib aytganda, tarixdagi ilk ishbilarmon, tadbirkor insonlar o’z hayotini xavf ostiga qo’yib, uzoq va mashaqqatli sayohatga chiqqan savdogarlar edi. Ular oylab yo’l yurib, dunyodagi ko’p xalqlarni bir-biri bilan bog’laganlar. Ular o’z davrining eng hurmatga loyiq, boy ziyoli insonlari bo’lishgan. Savdogarlar turli millatlar bilan muloqotda bo’lishgan, aniq hisob-kitoblarni amalga oshirishgan. Uzoq va mashaqqatli safarlar esa ularni ham jismonan ham ruhan kuchli bo’lishga majbur qilgan.
Nafaqat uzoq o’tmishda, balki bugungi kunda ham savdoning o’rni davlatlar rivojlanishida juda katta o’rin tutadi. Bugun shubxasiz savdogarlarni ilk ishbilarmonlar deb ayta olamiz, ming yillar davomida svilizatsiyalar rivojiga katta ta’sir ko’rsatgan bu kasb bugun ham o’sishdan to’xtab qolgani yo’q. Balki, shuning uchun ham bu kasbni zamon bilan hamnafas yuritish metodini amalga oshirgan Jeff Bezos bugun sayyoramizning eng boy insoni, birinchi o’rindagi ishbilarmon hisoblanar. Siz nima deb o’ylaysiz?