- Kitob: Noldan Birga (Zero to One).
- Muallif: Piter Til (Peter Thiel).
Kitob haqida: ‘Noldan Birga’ kitobi muallifning PayPal kompaniyasiga asos solishi, Facebookga qilgan investitsiyasi va milliarderga aylanguncha bo’lgan jarayonda o’rgangan tajribasini hikoya qiladi. Shuningdek, muvaffaqiyatli startup uchun zarur strategiya va falsafiy qarashlarni aks ettiradi.
Muallif haqida: Piter Til – milliarder tadbirkor, investor, PayPal asoschilaridan biri va Palantir, Thiel Foundation, Clarium Capital va boshqa kompaniyalar asoschisi. O’zi asos solgan kompaniyasini sotib 35 yoshida $1,5 millard ishlab topgan. Facebookning ilk investorlaridan biri (2004-yil Facebookning 10.2% aksiyasini $500,000 ga sotib olgan). 25 yoshida Stanford Universitetini doktorlik darajasi bilan bitirgan.
Biznesni rivojlantirish, marketingni to’g’ri yo’lga qo’yish va savdo hajmini oshirishga bag’ishlangan kitoblar juda ko’p. ‘Noldan Birga’ kitobining o’ziga xos tomoni, biznesda keskin burilish yasash, yangi mahsulot bilan dunyoni o’zgartirish va kompaniya asoschisining kelajakni ko’ra olishi hayotiy misollar bilan qiziqarli tasvirlangan. Ushbu kitobdan o’rganish mumkin bo’lgan narsalar talaygina bo’lishiga qaramasdan, quyida kitobdan olinadigan asosiy xulosalarni keltirib o’tamiz:
1-xulosa. Taraqqiyotdagi keskin o’zgarishlar gorizontal emas, aksincha, vertikal.
Hayotimizda duch keladigan kundalik rivojlanishlarning ko’p qismi gorizontal. Gorizontal taraqqiyot deganda nima tushuniladi? Gorizontal taraqqiyot – mavjud bo’lgan g’oya va texnologiyalarning yanada taraqqiy etishi. Bunga Tesla yaqqol misol bo’la oladi. Ya’ni, elektr avtomobil ishlab chiqarishga innovatsion yondashib, Tesla bu sohada yetakchiga aylandi va GM, Ford va xattoki yaqinda Toyotani ham ortda qoldirdi (kompaniya baholanishi nuqtai nazardan). Vaholanki, elektrda harakatlanuvchi avtomobil g’oyasi va texnologiya oldindan mavjud.
Mavjud bo’lgan g’oya va texnologiya «1» deb qaraladigan bo’lsa, uni yanada taraqqiy ettirib «2», … «10», … «100» va «β» ga aylantirish gorizontal taraqqiyot hisoblanadi.
Vertikal taraqqiyot esa 0 dan 1 ga qarab borish, ya’ni oldin mavjud bo’lmagan narsadan yangi va innovatsion narsa yaratishdir. Bunga misol sifatida Apple kompaniyasining 2007-yil iPhone ni yaratishi bilan telefondan foydalanish va hayot tarzimizni tubdan o’zgartirib yuborganini misol keltirishimiz mumkin.
2-xulosa. Barcha monopoliyalar yomon emas.
Gap davlat yoki biror guruhni ma’lum biznes uchun monopol hokimiyat o’rnatishi haqida ketmayapti, balki, sog’lom raqobat muhiti yaratilgan sharoitda innovatsion g’oya bilan monopol darajasiga erishish haqida boryapti. Monopoliya doim ham adolatsiz raqobat degani emas. Agar siz o’z ishingizni juda ham yaxshi qilsangiz raqobatchilar sizga yaqinlasha olmaydi. Boshqacha qilib aytganda, agar siz biror yangi narsa yaratsangiz va boshqalar sizdan nusxa ko’chira olishmasa, bu yomon narsa emas.
Masalan, Google dunyo onlayn qidiruv bozorining sal kam 90% ini egallab yaqqol monopol hisoblanadi. Google monopoliyasi raqobatchilar uchun yomon bo’lishiga qaramay, jamiyat uchun foydali, ayniqsa, Googlening boshqa xizmatlari (Youtube, Gmail, Xarita va h.k) bilan birga ishlatilsa. Agar raqobatchi kompaniya Google dan hukmronlikni tortib olmoqchi bo’lsa, fantastik innovatsion mahsulot yaratishi kerak. Bu esa o’z navbatida iste’molchi va jamiyat uchun foydali bo’ladi.
Shu o’rinda, Piter Tilning monopoliya va raqobatga oid o’ziga xos qarashini eslatib o’tmoqchimiz. Piter Til raqobatni mag’lub bo’lgan kompaniyalar uchun deb hisoblaydi (‘Competition is for losers’). Uning fikricha, kompaniya asoschilari va tadbirkorlar o’z kompaniyalarini monopoliyaga aylantirishni maqsad qilib harakat qilishi kerak va iloji boricha raqobatni vujudga kelishiga yo’l qo’ymasligi kerak.
3-xulosa. Agar kompaniyaning asoschisi kelajakni ko’ra olmasa, bu kompaniya hech qachon 0 dan 1 ga bora olmaydi.
Muvaffaqiyatli kompaniya qurish va uni monopoliyaga aylantirish uchun eng kerakli narsa, bu – kelajakni ko’ra olish qobiliyati. Yuksak yutuqlarga erishgan kompaniya asoschilarini o’rganib ko’rsangiz, ularning aksariyat qismi o’ziga xos g’alati hususiyatga ega. Chunki ba’zida o’z kelajak maqsadidan qaytmaydigan va ularning g’oyasi kelajakni o’zgartirishiga ishonadigan kishilar boshqalardan bir oz g’alatidek ko’rinishadi. 0 dan 1 ni yaratish va uni muvaffaqiyatli kompaniya darajasiga olib kelish – mashaqqatli yo’l. Bu yo’lda faqat qat’iyatli va kelajakni ko’ruvchi kishilargina yutuqqa erishadi.
Ushbu kitob biznesini yo’lga qo’ymoqchi bo’lgan tadbirkorlar, yirik kompaniya boshqaruvchilari va kelajakni o’z g’oyalari bilan o’zgartirmoqchi bo’lganlar uchun birdek tavsiya qilinadi. Kitobni to’liq o’qib chiqsangiz yuqorida keltirilgan xulosalardan tashqari boshqa ko’plab ajoyib fikrlarni ham uchratasiz. Bu fikr va qarashlar g’oyalaringizni kelajakda amaliyotga tatbiq qilishda katta yordam beradi.
Shu kitobni Toshkentni qayeridan topsam bo’ladi. (Inglizchasini)