You are currently viewing Uilyam Goldingning ‘Pashshalar Hukmdori’ kitobi xulosasi

Uilyam Goldingning ‘Pashshalar Hukmdori’ kitobi xulosasi

  • Kitob: Pashshalar Hukmdori (The Lord of the Flies).
  • Muallif: Uilyam Golding (William Golding).

Ushbu kitob va muallif haqida ko‘pchilik eshitgan bo‘lsa kerak. Asar yadro urushi bo‘layotgan davrda, samolyotlari halokatga uchrab noma’lum orolga tushib qoladigan bolakaylarning oroldagi qisqa muddatli hayotidan hikoya qiladi. Bu asar Goldingning o‘ziga xos allegoriyasi sifatida ko‘riladi.

Asar qahramonlari:

Ralf: o‘ziga ishongan, og‘ir-bosiq, jismonan baquvvat, pragmatik, 12 yoshlar atrofidagi bolakay. Asarning asosiy protagonisti (ijobiy qahramon); U asarda sivilzasiya va tartibni ifodalaydi. Uning pragmatikligi, dengiz bo‘yidan topilgan chig‘anoq orqali oroldagi bolakaylarni to‘plab, o‘ziga xos kichik demokratik hukumat tuzishi uning tug‘ma liderligini tasdiqlaydi.

Piggi: do‘mboq, jismonan kuchsizroq, ammo aqlli va muammolarga yechim topishga usta. Ralfning maslahatchisi; Uning hikoyadagi roli ilm-fan, bilim va tafakkurni izohlaydi.

Jek: agressiv, kibrli, jismonan kuchli bolakay. Tahminan 12 yoshda. Boshqa bolalar lider qilib saylagani uchun Ral’fni yomon ko‘radi. Hikoyadagi asosiy antagonist (salbiy qahramon). Anarxiya, totalitarizm, zo‘ravonlik va diktatura simvoli;

Saymon: kamgap, kamsuqum bolakay. Ammo yaxshi va yomonni ajrata olish qobiliyati – moral kompasi qolgan bolalarnikiga qaraganda kuchliroq. Asarning ma’rifat va ezgulik kabi g‘oyalarini ko‘rsatib beradi;

Rojer: Jekning o‘ng qo‘li, vahshiy, zo‘ravon va yovvoyi. Uning vahshiyligi, Piggini o‘ldirishi insonning yovuz va sadistik (boshqalarni qiynab maza qiladigan) tabiatini ochib beradi;

Egizaklar Sem va Erik (Semnerik): Ral’fning eng sodiq, ishongan do‘stlari. Jamiyatning ko‘pchilik qismini ifodalaydigan, hokimiyatga da’vogar ikki tomondan biriga qo‘shilganda o‘sha tomon g‘alabasini ta’minlaydigan simvolik personajlar;

Va boshqa kichik yoshdagi bolakaylar: Orol aholisi. Oddiy xalqni ko‘rsatib berishadi;

Ralf, Piggi va Jek

Asardagi g‘oyalar.

Asar allegoriya hisoblanadi – undagi voqealar to‘qima hikoya bo‘lsa ham bizning ayni paytdagi dunyomizga oyna tutadi. Hikoyada quyidagi konfliktlarni ko‘rish mumkin.

Sivilizasiya vs. Yovvoyilik.

Pashshalar Hukmdorining markaziy konflikti har bir inson tabiatida bo‘lgan 2 impul’s o‘rtasida kechadi. Biri qonun-qoidalarga bo‘ysinish, universal moral kodlarni buzmaslik, jamoa manfaatiga qarshi bormaslik bo‘lsa, ikkinchisi, shaxsning faqatgina o‘z xohishlaridan kelib chiqib harakat (yoki harakatsizlik) qilishi, boshqalar ustidan hukmronlikka ega chiqish uchun zo‘ravonlikdan tap tortmaslik, o‘z istaklariga erishish yo‘lida boshqalarni qurbonlik qilish kabilardir.

Individualizm vs. Kollektivizm.

Orolda paydo bo‘lgan ko‘plab muammolar – olov (signal) ning o‘chib qolishi, boshpanalar yetishmovchiligi, Ral’f jamoasining tarqalib ketishi, Piggining o‘limi – bitta bolaning jamoa manfaatidan emas, o‘z manfaatlaridan kelib chiqib harakatlanishi oqibatida kelib chiqadi. Bolalar ishlash o‘rniga o‘yinni tanlashgani uchun boshpanalar qurilmaydi; Jek ovga berilgani uchun olov o‘chib qoladi; Jek bolalarga go‘sht va erkinlik va’da qilgani uchun jamoa 2ga bo‘linib ketadi.

Ral’fning barcha uchun manfaatli lekin bolalardan mehnat talab qiladigan siyosati oqilona bo‘lsa ham, bolalar Jekka qo‘shilishadi. Ammo Jekning yolg‘onlari fosh bo‘ladi. Bu esa uning bolalarni zo‘ravonlik va qo‘rquv bilan ushlab turishga undaydi. Aslida bundan hokimiyatga o‘ch Jek va uning qonxo‘r o‘ng qo‘li Rojer zavq oladi.

Diktatura vs. Demokratiya.

Ral’fning jamoasi demokratiyaning o‘ziga xos kichik shakli hisoblanadi. Jamoada hamma o‘z fikrini aytish huquqiga ega. Hatto jamoadagi eng kuchsiz kichkintoylar (5-6 yoshli) ham. Ral’f hammaning manfaatini o‘ylaydigan oqil yo‘lboshchi, Piggi esa uning dono maslahatchisi. Jamoa g‘oyasi oroldan tezroq qutqarilish va buning uchun hamma o‘z vazifasiga tayinlab qo‘yilgan. Bu jamoada lider ovoz berish yo‘li bilan tayinlanadi.

Jekning jamoasi esa, aksincha, bir kishining hukmiga bo‘ysuniladigan, zo‘ravonlik va qo‘rquv ostida ushlab turiladigan diktatorlik jamiyatiga o‘xshaydi. Bunda barcha xatti-harakatlar bir kishining kayfiyatiga qarab belgilanadi. Agar kimdir bosh ko‘tarsa, zudlik bilan shafqatsiz jazolash mexanizmi (Rojer) ishga tushadi. Bu jamoada tugal g‘oyaning o‘zi yo‘q. Faqatgina mavjud bo‘lmagan mahluqdan himoya bor degan yolg‘on va liderning vahshiyligi guruhni ushlab turadi.

Insonning yovuz tabiati.

Pashshalar Hukmdoridagi qahramonlar hali bola bo‘lsalarda, ularda yovuzlik qilishga moyillik bor. Asarda sodir bo‘ladigan har bir ko‘ngilsiz voqea kattalar dunyosidagi voqealar bilan parallel ravishda rivojlanadi. Orolda bolalar ikkiga bo‘linib bir-biri bilan urushishyapti. Vaholanki, oroldan tashqarida ham ikki katta guruh o‘rtasida yadroviy urush bo‘lyapti. Orolda begunoh bolalar bir kishining hukmronlikka bo‘lgan chanqog‘ini qondirish uchun o‘ldirilyapti, xuddi kattalar dunyosidagidek. Bolalarning ikkita alohida guruhida ikki xil hukumat amal qilyapti: biri tenglik, plyuralizm va erkinlikka asoslangan bo‘lsa, ikkinchisi totalitar, zo‘ravon va qo‘rquv ustiga qurilgan tizim. Kattalar dunyosida ham mana shunday turli xil xarakteristikalarga ega hukumatlar faoliyat yuritishadi. Demak, asar xulosasiga ko‘ra yovuzlik inson tabiatiga xos fenomen va undan bolalar ham holi emas degan fikr paydo bo‘lyapti. Bu haqida o‘zingiz uchun o‘ylab ko‘rishga harakat qiling.

Umuman olganda, asar allegorik xarakterga ega bo‘lgani uchun undagi barcha voqealar va detallarning reallikka bevosita va bilvosita aloqasi bor. Hikoyadagi barcha konfliktlar tom ma’noda inson tabiati va uning tashqi olam bilan munosabatidan kelib chiqadi.

Asar o‘qilishi shart bo‘lgan top 100 ta kitobdan biri hisoblanadi. Kitob asosida ajoyib film ham ishlangan.

Izohlar:

  • *triumvirat – hukumatga bosh bo‘ladigan 3 kishidan iborat guruh. Qadimgi Rimda Yuliy Sezar’, Pompey va Krass triumvirati mavjud bo‘lgan.
  • vs. (versus) – . . . ga qarshi
  • Pashshalar Hukmdori “beelzebub” so‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri tarjimasi hisoblanadi. Beelzebub shaytonning boshqa nomi.
Do'stlaringizga yuboring

Fikr bildirish