You are currently viewing Fikr va tanlov mustaqilligining muhimligi

Fikr va tanlov mustaqilligining muhimligi

Hayotimiz davomida juda ko’plab vaziyatlarda o’z kelajagimiz uchun muhim bo’lgan qarorlarni qabul qilishda o’zgalar fikriga bog’lanib qolamiz. Bu ayniqsa bizning sharqona mentalitetimizga xos. “Odamlar nima derkin”, degan an’anaviy, o’z-o’zini nazorat qilish va tiyib turish prinsipi allaqachon huddi tabiiy qonuniyatdek xalqimiz orasida dogmaga aylanib bo’lgan. Fikran va amalda mustaqil bo’lmaslik ko’p holatlarda o’z qarorlarimizga ishonmasligimizdan kelib chiqadi.

Albatta, biror-bir ishni boshlashdan avval o’zgalar fikri bilan qiziqish, foydali tanqid va takliflarni qabul qilib ish ko’rish yaxshi, lekin bu me’yoridan ortib ketsa va sizning rejalaringizni o’zgartirib yuboradigan darajaga yetib borsa, unda bu sizga faqat zarar keltirishi mumkin. Bunday holatda sizga o’zgalar fikridan chekinishni, kimlardir qachonlardir erishgan muvaffaqiyat qissasiga ko’r-ko’rona ishonib, o’z maqsadingizdan chekinmaslikni tavsiya qilamiz. Chunki, mavlono Rumiy aytganidek: “O’zgalar ishni qanday yakunlangani haqidagi hikoyalar bilan bog’lanib qolma, o’z afsonangni yarat”.

Quyida siz nega qaror qabul qilishda va amalga oshirishda mustaqil bo’lishingiz kerakligi haqida ma’lumot beramiz.

Mustaqillik – sizni o’zingizga ishonishga undaydi.

Sizni imkoniyatlaringizni va qo’lingizdan qanday ishlar kela olishini o’zingizchalik hech kim bilmaydi. Shuningdek, o’zingizni kamchiliklaringizdan ham eng ko’p boxabar inson bu – siz. Ishoning, qiyin vazifani bajarib ko’rib muvaffaqiyatsizlikka uchrash va kerakli tajribaga ega bo’lish, odamlar qilib bo’lmaydi degan paytda ortga chekinishdan yaxshiroq. Bu o’zingizga ishonchni oshiradi, imkoniyatlaringizni anglab yetishingizga yordam beradi.

To’g’ri qaror qabul qilishga o’rgatadi.

Qarorlarni mustaqil qabul qilish natijasida siz ularni mukammallashtirib borasiz. Boshqalar ruxsatini kutib turmaslik sizga qaror qabul qilish uchun qo’shimcha vaqt taqdim etadi. Unutmang: hayotingizni o’zgartirib yubora oladigan qarorlar qabul qilish qo’rqinchli tuyulishi mumkin. Lekin undan ham qo’rqinchliroq narsa bor. Bu – keyinchalik vaqtida amalga oshirilmagan qaror uchun afsuslanish.

Emotsional mustaqillik asablarni asrashga yordam beradi.

Keling, tan olaylik, hayotda asabiylashadigan holatlarga ko’p duch kelamiz. Aksar holatlarda sizning kayfiyatingiz kundalik ish unumdorligingizga katta ta’sir ko’rsatadi. Qarorimiz ustidan kimningdir fikrini kutish, atrofimizdagilarni tanlovimiz haqidagi o’y-hayollari bilan hisoblashish bizga qo’shimcha stress olib keladi. Ertangi muvaffaqiyat uchun emotsional holatimizni nazorat qila bilishimiz kerak.

Baxt – o’zingiz sevgan ishni bajarishda.

Mustaqil bo’lish sizga qanchalik foydali bo’lishini anglab yetganingizdan so’ng, o’z imkoniyatlaringizdan ham yuqoriroq manzillarni ko’zlab boraverasiz. U siz uchun juda ko’p imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Endilikda, sizda “bu baribir ishlamaydi” deya ikkilanish o’rniga, “bu nima qilsa ishlaydi”, degan aniq tushuncha paydo bo’ladi. Bu sizga yangi odamlar, yangi joylar, kreativ yondashuv va xaqiqiy mustaqillikni olib keladi. Siz allaqchon yuqoridagi o’zingizga ishonch, qaror qabul qilish va emotsional mustaqillik fazalaridan o’tib olganingiz uchun, har qanday maqsadga erishishga ishonchingiz ortib boraveradi. Eng muhimi esa, siz o’zingiz sevgan ishni bajarishingiz mumkin. Bunga endi hech kim qarshilik qila olmaydi. Sevimli ishingizni qilish – ozodlik, qilayotgan ishingizni sevish esa – haqiqiy baxtdir.

Unutmang, juda ko’p odamlar aslida amalga oshirish imkoni mavjud bo’lgan maqsad bilan yashaydilar. Lekin komfort zonadan chiqa olmaslik, odamlar fikri bilan yashash, emotsional muammolar kabi atrofimizdagi komplekslar tufayli bu maqsad orzuga aylana boshlaydi. Yillar o’tib esa, bir xil kechib o’tgan “sug’ur kunlar” natijasida bu orzu ham armonga aylanib qoladi. Barchasini o’zgartirish o’z qo’lingizda.

Do'stlaringizga yuboring

Ushbu maqolaga 3 fikr bildirilgan

  1. Nodirbek

    Albatta ajoyib yondoshuv bo‘libdi. Sharq va G‘arb dunyo qarashini o‘zida jamlagan holda teran fikrlar jamlanmasini maqolada tizib qo‘yibsiz. Oddiy qilib aytganda hamma uchun ulkan motivatsiya bera oladigan maqola bo‘libdi.

    1. Admin

      Rahmat! Maqola yoqqanidan xursandmiz.

Fikr bildirish