FIRE – ingliz tilida Financial Independence, Retire Early so’zlarining qisqartmasi bo’lib, Moliyaviy Mustaqillik, Erta Nafaqa ma’nosini anglatadi. FIRE atamasi ilk bor 1992-yilda nashr etilgan Viki Robin va Jo Domingesning «Your Money or Your Life» kitobida tanishtirilgan. Keyinchalik esa bu atama erta moliyaviy mustaqillikka erishishni ifodalovchi harakat tusini oldi.
FIRE, bu – an’anaviy byudjet va nafaqa tizimiga tayanib qolmasdan, ancha erta nafaqaga chiqishga imkon beruvchi jamg’arma va investitsiyalar dasturiga bag’ishlanadigan harakat. Boshqacha aytganda, nafaqaga chiqishni kutib 60 yoshgacha ishlamasdan, erta yoshda investitsiya qilib va yetarli daromad manbalarini yaratib 30-35 yoshda moliyaviy mustaqillikka erishib, nafaqaga chiqish tushuniladi. FIREga intilganlar o’z daromadlarining asosiy (70%gacha) qismini jamg’arma va investitsiyalarga yo’naltirgan holda, erta nafaqaga chiqish va to’plangan mablag’laridan keyinchalik kichik miqdordan sarflab erkin yashashni maqsad qiladi.
FIRE harakatidagilarning jamg’arma va investitsiyalari yillik xarajatlaridan taxminan 25 baravar ko’p bo’lsa, ular kundalik ishlarini tark etishlari yoki umuman ishdan ketishi mumkin. FIREning tub mohiyati moliyaviy mustaqillikni anglatadi. Agar bunga erishilsa, qilishingiz majbur bo’lgan ishdan ko’ra o’zingiz yoqtirgan mashg’ulotda ishlashga imkon beradi. FIRE nafaqat erta nafaqaga chiqish, balki yaxshiroq yashash paytida tejab iste’mol qilish va isrofgarchilikdan tiyilishni o’rgatadi. Ushbu maqolada, FIRE haqida dastlabki kirish tushunchalarini berdik holos. Keyingi maqolalarimizda FIRE harakatiga kirib borish va moliyaviy mustaqillikka erishish haqida batafsil ma’lumotlar berib boramiz. Bizni kuzatishda davom eting 🙂