You are currently viewing Kompaniya aksiyasining Halolligini aniqlash uchun batafsil amaliy qo’llanma

Kompaniya aksiyasining Halolligini aniqlash uchun batafsil amaliy qo’llanma

Ushbu maqolada investitsiyaga qiziqqan va halol aksiyalarga investitsiya qilish orqali boylik orttirishni niyat qilgan musulmonlar uchun kerakli ma’lumotlar jamlangan. Maqolaning birinchi yarmida, aksiya halolligini tekshirish uchun dinimizda ko’rsatilgan me’zon va qoidalar ko’rsatib o’tiladi, ikkinchi qismida esa bu qoidalarni amalda qo’llash haqida ma’lumot beriladi.

Bu maqola, ayniqsa, aksiyalar savdosiga endi kirib kelayotgan yangi investorlar uchun foydali bo’ladi deb o’ylaymiz. Zero, unda quyidagi savollarga javob topish mumkin:

  • Shariatga ko’ra kompaniya aksiyalariga investitsiya qilish mumkinmi?
  • Aksiya halolligini tekshirish uchun qanday metodologiya va standardlar mavjud?
  • Shariatga muvofiq aksiyalarni aniqlashning osonroq usuli bormi?
  • Aksiya halolligini qanday bosqichlarda tekshirgan yaxshi? (Bizning tavsiya)   

Shariatga ko’ra kompaniya aksiyalariga investitsiya qilish mumkinmi?

Bu savolga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh ustozimizning bergan javoblarini avvalgi maqolalarda eslatib o’tgan edik. Agar kompaniya halol faoliyat bilan shug’ullansa, bu kompaniyaning aksiyasini sotib olish va uning qiymati oshishi hamda dividenddan foyda olish dinimizda joiz deb belgilangan. 

Xo’sh, qanday kompaniya faoliyati halol hisoblanadi? Kompaniya faoliyatini Shariatga muvofiq yoki yo’qligini tekshirish dastlab murakkabdek tuyulishi mumkin. Chunki ko’plab kompaniyalar bir vaqtning o’zida bir necha faoliyat turi bilan shug’ullanishadi. Shuningdek, biz eshitmagan yoki faoliyati haqida yaxshi bilmagan chet el kompaniyalari ham ko’p. Hozirda musulmonlarning jahon kapital bozorlarida ishtirok etishi va Shariatga muvofiq investitsiya bilan shug’ullanishi uchun Islom olimlari bir qator kerakli qoidalarni ishlab chiqishgan. Ushbu qoidalar to’plami Shariat standardi ko’rinishiga keltirilgan bo’lib, quyida bu haqida kengroq ma’lumot beramiz.

Aksiya halolligini tekshirish uchun qanday standard va uslub (metodologiya)lar mavjud?

Qimmatli qog’ozlarga investitsiya qilish uchun ishlab chiqilgan bir necha standardlar mavjud. Islom moliyasi rivojlangan musulmon davlatlarida qimmatli qog’ozlar oldi-sotdisini alohida tartibga soluvchi hukumat tashkilotlari ham mavjud. Masalan, Malayziyada Shariah Advisory Council (SAC) of the Securities Commission Malaysia (SC) kerakli qoidalarni ishlab chiqadi va nazorat qiladi. Indoneziyada esa bu ishni The Financial Services Authority of Indonesia amalga oshiradi. Shuningdek, Shariat standardlari ishlab chiqadigan xalqaro Islom tashkilotlari ham bor (quyida bunga to’xtalib o’tamiz).

Universiti Sains Islam Malaysia universiteti professorlari yozgan mana bu tadqiqot ishida, qimmatli qog’ozlarga investitsiya qilishning Shariatga muvofiqligini tekshirishda qo’llaniladigan turli standardlar keltirilgan. Standardlarning kelib chiqishi va ular ishlatadigan metodologiyalar haqida batafsil ma’lumot olishni istasangiz, tadqiqot ishi bilan tanishib chiqing.

Qimmatli qog’ozlar bo’yicha Shariat standardlari ichida, xalqaro miqyosda keng qo’llaniladigan standard va metodologiya, bu – “Islom Moliya Muassasalari uchun Buxgalteriya va Audit Tashkiloti” ya’ni Accounting and Auditing Organization for Islamic Financial Institutions (AAOIFI) ga tegishli. AAOIFI ishlab chiqqan standardlar dunyoning ko’plab musulmon davlatlari hamda Islom tashkilotlari tomonidan keng qo’llaniladi. Mana bu linkda AAOIFI standardlariga rioya qiladigan davlat va tashkilotlar ro’yxatini ko’rishingiz mumkin. Quyidagi linkda esa AAOIFI Shariat Standardini pdf formatda onlayn yuklab olishingiz mumkin (Ingliz, Arab va Rus tillarida mavjud). Shariat Standardini o’qish

Ushbu AAOIFI standardida, turli moliya mahsulot va xizmatlari uchun Islomiy qoidalar jamlangan. Quyida biz sizga qimmatli qog’ozlar, xususan, kompaniya aksiyasini sotib olish uchun qo’yiladigan talablarni keltiramiz (Manba: Shariah Standard,  Standard No. 21).

Kompaniya aksiyasining Shariatga muvofiqligi (shariah compliant) 2 tomondan tekshiriladi. Bular – kompaniyaning biznes faoliyati va moliyaviy ko’rsatkichlari.

1. Biznes faoliyati. 

Dastlab, kompaniya pulni qaysi faoliyatlari orqali ishlab topayotgani tekshiriladi. Agar kompaniyaning asosiy daromadi qimor, ribo, mast qiluvchi ichimliklar ishlab chiqarish kabi islomda qat’iy taqiqlangan faoliyat turlari ortidan kelsa, bunday kompaniyaning aksiyasini sotib olish mumkin emas.

Quyidagi faoliyat turlari bilan shug’ullanuvchi kompaniya aksiyalariga investitsiya qilish TA’QIQLANADI:

  • Riboga asoslangan moliyaviy xizmat ko’rsatuvchi tashkilotlar (an’anaviy banklar, kredit tashkilotlari va boshqa shu kabilar);
  • Faoliyati noaniqlik/g’ararga asoslangan tashkilotlar (sug’urta kompaniyalari va boshqa shu kabilar);
  • Qimor/Maysir (kazino, lotereya kabilar);
  • Mast qiluvchi ichimliklar ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar;
  • Cho’chqa mahsulotlari (go’shti, yog’i, terisi, tuki, suyaklari) ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar;
  • Pornografiya va fohishabozlikka oid mahsulot va xizmatlar taklif qiluvchilar (ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar);
  • Tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar;
  • Qurol-yarog’ ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar (lekin o’z davlati mudofasi uchun zarur bo’lgan qurol-yarog’ ishlab chiqaruvchi kompaniyalar aksiyalari bundan mustasno);
  • Yuqorida keltirilgan taqiqlangan mahsulot va xizmatlarni reklama qiluvchilar;
  • Media va ko’ngilochar mahsulotlari (masalan, nard kabi islom dinida taqiqlangan o’yinlar) ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar (ta’lim, yangiliklar, bolalarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar bundan mustasno).

Shuni aytib o’tish o’rinliki, daromad manbai yuqorida keltirilgan sohalardan 100% holi kompaniyani hozirda topish qiyin. AAOIFI Shariat Standardiga ko’ra, ta’qiqlangan faoliyatdan kelgan daromad jami daromadning 5% dan kam miqdorni tashkil qilsa, bu kompaniya aksiyasini sotib olish mumkin. Faqat bir shart bilan – ushbu 5% dan kam miqdor aniqlanib, savob umid qilinmasdan yetim-miskinlarga berib yuborilishi kerak (Manba: Shariah Standard 563-bet, 3/4/4). Berib yuboriladigan bu pul mablag’lari Masjid qurish, Qu’ron kitobini chop qilish kabi amallarga, shuningdek, Zakot kabi farz amallar uchun ishlatilmasligi zarur.

2. Moliyaviy ko’rsatkichlar.

Agar kompaniyaning asosiy daromadi (95%+) taqiqlanmagan faoliyatdan kelsa, tekshirishning 2-bosqichi, ya’ni moliyaviy ko’rsatkichlarni o’rganish mumkin. AAOIFI quyidagi 3 xil ko’rsatkichga talab qo’ygan:

1) Kompaniyaning foizga olingan qarz (interest-bearing debt) miqdori jami bozor kapitallashuv qiymatining 30%idan oshmasligi kerak (Manba: Shariah Standard 563-bet, 3/4/2).

Hisoblanishi:

Foizga olingan qarz = (QMQ + UMQ) / BKQ

Bunda, QMQ = Qisqa muddatli qarz; UMQ = Uzoq muddatli qarz; BKQ = Bozor kapitallashuv qiymati (aksiyalar sonining aksiya narxiga ko’paytmasi).

2) Kompaniyaning foizli depozitlari (interest-taking deposits) miqdori jami bozor kapitallashuv qiymatining 30%idan oshmasligi kerak (Manba: Shariah Standard 563-bet, 3/4/3).

Hisoblanishi:

Foizli depozitlari = (NP + NPE + FD) / BKQ

Bunda, NP = Naqd pul; NPE = Naqd pul ekvivalentlari; FD = Foizli depozitlar; BKQ = Bozor kapitallashuv qiymati(aksiyalar sonining aksiya narxiga ko’paytmasi).

3) Kompaniyaning jami likvid aktivlarining midori jami aktivlar miqdorining 70%idan oshmasligi kerak. 

Hisoblanishi:

Likvid aktivlari = (NP + NPE + QQKP) / JA

Bunda, NP = Naqd pul; NPE = Naqd pul ekvivalentlari; QQKP = Qabul qilinishi kutilayotgan pullar; JA = Jami aktivlar.

Yuqoridagi ko’rsatkichlarni hisoblashda, kompaniyaning eng oxirgi chorakda taqdim qilingan Balans hisobvarag’idan va ushbu hisobot taqdim qilingan sanadagi Bozor kapitallashuv qiymatidan foydalaniladi. Bozor kapitallashuv qiymati muomaladagi jami aksiyalar sonini bir dona aksiyaning bozordagi narxiga ko’paytirish orqali topiladi.

Shuningdek, aksiyalarni halol oldi-sotdi qilishda, quyidagi talablarni ham yodda tutish zarur:

  • Imtiyozli aksiyalar (preferred stock) chiqarish va oldi-sotdi qilish mumkin emas;
  • Foizli qarz (margin sales) evaziga aksiyalar sotib olish mumkin emas;
  • O’zi egalik qilmaydigan aksiyani boshqaga sotish (short selling) mumkin emas;
  • Aksiyalar uchun Futures, Options, va Swap shartnomalarini tuzish mumkin emas. 

Batafsil izohlarni AAOIFI Shariah Standard No. 21 dan olishingiz mumkin.

Shariatga muvofiq aksiyalarni aniqlashning osonroq usuli bormi?

Yuqorida aksiyaga investitsiya qilishning Shariatga muvofiq kelishi uchun o’rnatilgan me’zon va talablari bilan qisqacha tanishib chiqdik. Taqiqlangan faoliyat bilan shug’ullanuvchi kompaniyalarni aniqlash balki unchalik qiyin emasdir. Lekin ko’rsatkichlarni birma-bir hisoblab chiqish iqtisod va moliya yo’nalishi bo’yicha bilimi bor kishilar uchun ham oson ish emas. Faqat AQShning o’zida 4 mingdan ortiq kompaniyalar birjada ro’yxatdan o’tgan. Bu kompaniyalarning ichidan asosiy faoliyati halol bo’lganlarini ajratib olib, ularning moliyaviy ko’rsatkichlarini ham tekshirish zarur. Xo’sh, unda nima qilish kerak? Osonroq yo’li bormi?

Osonroq yo’li – halol aksiyalarni aniqlashga va investitsiya qilishga yordam beruvchi kompaniyalarning databazasidan foydalanish. Islamicly, Zoya Finance, Sharia Portfolio kabi kompaniyalar shular jumlasidan. Bu kompaniyalarning faoliyati Islom moliyasi me’zonlariga asoslangan va AAOIFI standardlariga amal qiladi. Islamicly va Zoya Finance – aksiyalarning halolligini tekshirish (screening) bilan shug’ullanadi. Sharia Portfolio esa, Shariatga muvofiq investitsiya menejmenti bilan shug’ullanadi. Bu kompaniyalar AAOIFI standardlariga amal qilish bilan birga Islom ulamolaridan tashkil topgan o’zlarining alohida Shariat Kengashi va diniy maslahatchilari ham mavjud. 

Shariatga muvofiq aksiyalarni tekshirishning yana bir oson usuli – Zoya Finance mobil ilovasidan foydalanish. Ilovaga aksiyaning nomini (ticker symbol) kiritsangiz, aksiya Shariatga muvofiqmi (shariah compliant) yoki yo’qligini (shariah non-compliant) ko’rsatib beradi. Ilovaning pullik va bepul shakllari bor bo’lib, unda ko’plab aksiyalar haqida ma’lumotlar mavjud. Ilovaning pullik shaklini harid qilsangiz, aksiyalar haqida to’liq hisobotlar va boshqa qo’shimcha xizmatlarni ham olishingiz mumkin bo’ladi. Lekin, dastlabki tekshirish uchun bepul shaklining o’zi yetarli va bu sizning bir necha daqiqa vaqtingizni oladi xolos. Islamicly ilovasi ham Zoya Financega o’xshash.

Shuni yodda tutingki, yuqorida keltirilgan kompaniyalarda ham sizu-bizga o’xshash odamlar ishlaydi va ular ham xatoga yo’l qo’yishlari mumkin. Shuning uchun, Zoya Finance yoki Islamicly xizmatlaridan foydalanish bilan birga, o’zingiz ham yaxshilab tekshirib ko’ring. Ayniqsa, kompaniyaning asosiy biznes faoliyati va daromad manbalarini o’zingiz mustaqil sinchiklab tekshirib chiqing. Bu dasturlarda ko’pincha biznes faoliyati tekshiruvida xatoliklar uchrab turadi.

Aksiya halolligini qanday bosqichlarda tekshirgan yaxshi? (Bizning tavsiya)   

Yuqorida berilgan ma’lumotlarga asoslanib, aksiyalarni tekshirishda qiladigan ishlarimizni tartib bilan bosqichlarga bo’lib olsak:

  1. Dastlab, kompaniya qanday faoliyat bilan shug’ullanishini o’zingiz yaxshilab bilib oling. Daromad manbalarini aynan qanday faoliyatlardan shakllanganini tekshiring. Asosiy daromadi yoki jami daromadning 5 foizdan ortig’i taqiqlangan faoliyatdan kelsa, bu aksiyani sotib olmang. Tekshirish uchun boshqa kompaniyani tanlang.
  2. Zoya Finance yoki Islamicly dasturlaridan qo’shimcha foydalangan holda aksiyani tekshirib ko’ring.
  3. Yuqorida keltirilgan 3ta moliyaviy ko’rsatkichlarni yana bir bor o’zingiz hisoblab ko’ring va shariat me’zonlariga muvofiq ekanligiga ishonch hosil qiling.
  4. Barcha tekshiruvlardan o’tsa, aksiyani harid qilganingizdan so’ng, moliyaviy hisobotlar e’lon qilinganda, daromadining necha foizi taqiqlangan faoliyat turlaridan kelganini aniqlang. Taqiqlangan faoliyat turlaridan kelgan daromad kompaniya jami daromadining 5%idan oshmasligi zarur.
  5. Agar kompaniya dividend to’lagan bo’lsa, taqiqlangan faoliyat turlaridan kelgan foizga teng miqdorda olgan dividendingizdan foiz hisoblab ehson qilib yuborishingiz lozim (dividend purification). Masalan, kompaniya jami daromadining 2%i taqiqlangan faoliyatdan shakllangan bo’lsa va sizga $100 miqdorida dividend to’langan bo’lsa, $100ning 2%i, ya’ni $2 savob umid qilinmasdan hayriya maqsadlariga yo’naltiriladi.
  6. Kompaniya faoliyatidagi o’zgarishlarni kuzatib boring. Har chorak kompaniyaning yangi taqdim qilingan moliyaviy hisobotlari bilan tanishib chiqing. Agar kompaniya, dinimizda taqiqlangan faoliyat bilan shu’gullanishni boshlasa/kengaytirsa (masalan, mast qiluvchi ichimlik ishlab chiqaradigan zavodni sotib olsa va bu kompaniya daromadining katta qismiga aylanadigan bo’lsa), bunday kompaniya aksiyasini sotib yuborish kerak bo’ladi.
  7. Kompaniyaning asosiy faoliyati jamiyatga, xususan, Islom ummatiga qanchalik foydali ekanligini inobatga olsangiz ham maqbul ish bo’ladi. 
  8. Yuqoridagi manba va vositalardan foydalanish bilan birga, imkoniyat topib bu sohada bilim-tajribasi bor ahli ilmlar, ya’ni olim va soha mutaxassislari bilan maslahatlashib turishingiz maqsadga muvofiq. Zero, so’nggi qarorni o’zingiz qabul qilasiz va bu aynan siz uchun muhim ahamiyatga ega.

Maqolada xato-kamchiliklarga yo’l qo’yilgan bo’lsa, Alloh o’zi kechirsin. Alloh barchamizni to’g’ri yo’ldan adashishdan asrasin va rizqimizni halolidan bersin.

Agar maqoladan oz bo’lsada foydali ma’lumot olgan bo’lsangiz, UPLIFT Telegram kanaliga do’st va yaqinlaringizni ham taklif qiling. Balki, ular uchun ham foydali bo’lar.

👉 https://t.me/upliftuz

Muallif: Javlon Ota (@javlonota).

Iqtisodchi, Investor, Marketolog

Iqtisodiyot yo’nalishida Magistr, Yonsei Universiteti

Bank ishi yo’nalishida Bakalavr, Toshkent Moliya Instituti

Do'stlaringizga yuboring

Ushbu maqolaga 6 fikr bildirilgan

  1. Ikrom

    Assalom alaykum. tavsiya qilgan kitoblaringizni qanday topsa boladi?

    1. Admin

      Vaalaykum assalom,
      Qaysi kitobni so’rayapsiz?

  2. Temur

    Assalomualaykum. Moliyaviy bilimlarni oshirish uchun va aksiya bozori haqida oʻrgatadigan kitoblar haqida aytolasizmi.

  3. Abdulloh

    Shariat standartlari kitobini ruschasini qanday topa olaman.

    1. Madina

      Assalomu alaykum Whats kompaniyasi haqida ham maʼlumot bersangiz

Fikr bildirish