You are currently viewing Kriptovalyuta savdosi halolmi?

Kriptovalyuta savdosi halolmi?

Hozirda kriptovalyutalarga qiziqish tobora kuchayib bormoqda va ularni chiqarayotgan hamda sotib olayotganlar soni ham ortib bormoqda. Yurtdoshlarimiz orasida ham kriptovalyuta oldi-sotdisi bilan shug’ullanayotgan yoki shug’ullanmoqchi bo’lganlar soni ko’paymoqda. Ushbu maqolada kriptovalyutalarni oldi-sotdi qilish halolligi haqida ustoz ulamolarimizning fatvo va tavsiyalarini keltirishni maqsad qildik. Dastlab, kriptovalyutaning o’zi nima ekanligi haqida qisqacha to’xtalib o’tsak.

Kriptovalyuta (crypto-currency, crypto, coin) – kriptografiya bilan himoyalangan, markazlashmagan kompyuterlar tarmog’ida ishlovchi, raqamli yoki virtual valyuta. Kriptovalyutaning o’ziga xos xususiyati shundaki, u hukumat yoki bank kabi biror markaziy tashkilot tomonidan tartibga solinmaydi va uchinchi tomonning aralashuvi mavjud emas. Hozirda kriptovalyutalarning savdosi joiz yoki joiz emasligi bo’yicha islom ulamolarida turli qarashlar bor. Ayrim manbalarda, kriptovalyutalarni (xususan, bitkoinni) halol deb chiqarilgan fatvolarga duch kelishingiz mumkin. Kriptovalyuta savdosi bilan shug’ullanishdan oldin, albatta, har bir musulmon kishi bu faoliyatni o’rganishi, ustozlarning fikrlarini inobatga olishi, va mulohaza qilib ko’rishi zarur deb hisoblaymiz. Biz ustoz deb bilgan va ularning fatvo, tavsiyalariga amal qiladigan olim va mutaxassislarning fikrlarini quyida siz bilan bo’lishmoqchimiz.

1. Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniyning javoblari

Birinchi navbatda, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hazratlarining javoblarini keltirib o’tamiz. Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy – islom moliyasi va iqtisodiyot bo’yicha zamonamizning eng yetuk olimlaridan biri hisoblanadi. Hozirda, Pokiston Davlat Banki Shariat Kengashi raisi, AAOIFI Shariat Kengashi raisi, Xalqaro Islom Fiqhi Akademiyasining vitse-prezidenti, va bir necha islom banklari hamda xalqaro tashkilotlarning shariat kengashi raisi lavozimida faoliyat yuritadilar.

Kriptovalyuta savdosi shariy maqomi haqida berilgan savolga Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hazratlarining javoblari
Sana: 2021-yil, 10-may. Manba: Darul Iftaa

Yuqoridagi rasmda ko’rsatilgan javobda, ustoz kriptovalyuta hozir asosan spekulyativ maqsadlarga xizmat qilayotganini, uning joizligini tasdiqlovchi asos yo’q ekanligini aytganlar va u bilan shug’ullanishni tavsiya qilmaganlar. Savol-javobning o’zbek tilida tarjimasi quyida berilgan.

Savol: Kriptovalyutadan biznes maqsadlarda foydalanish ommalashib bormoqda. Shu darajadaki, u turli moliya tashkilotlarini yaratish uchun asos bo’lmoqda va ko’plab mamlakatlar uni davlat miqyosida tartibga solish jarayonida. Hozirgi vaziyatda, shariat ulamolari kriptovalyuta savdosining shariat maqomini so’rayotgan ommaga qanday yo’l-yo’riq ko’rsatishi kerak?

Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hazratlarining javobi:
«Hozircha bu bilan qanoatlana olmaymiz. Kriptovalyuta asosan spekulyativ maqsadlarda foydalanilmoqda. Shaxsan men uni tavsiya qilmayman. Biroq, kelajakda undan haqiqiy savdo maqsadida foydalanish kengayishi mumkin va shunda biz hozirgi qarorni qayta ko’rib chiqishga to’g’ri kelishi mumkin.

Hech shubha yo’qki, bu valyuta spekulyativ xarakterga ega. Hatto undan ommaviy foydalanish ham shariat nuqtai nazaridan afzal ko’rilmaydi. Dastlab, qog’oz valyutalar joriy qilindi va hozir dunyo hech qanday aktivga biriktirilmagan raqamli valyuta tomon harakatlanmoqda. Bu xalqaro rejaning bir qismi. Yaqin kelajakdagi reja, iqtisodlarni kriptovalyutalarga qaram qilish bo’lishi mumkin. Va keyinchalik bu pul egalari zaif iqtisodlarni moliyaviy qullikka aylantirishi mumkin. Fiqhga ko’ra ularning joizligini tasdiqlovchi aniq asos hozir mavjud emas, shuning uchun kriptovalyutani qo’llab-quvvatlay olmaymiz.»

2. Dr. Shayx Ali Muhyiddin Al Qoradog’iyning fatvolari

Butun dunyo musulmon ulamolari uyushmasining bosh kotibi bo’lgan Shayx Ali Muhyiddin Al Qoradog’iy, islom iqtisodiyoti bo’yicha dunyodagi sanoqli yetuk mutaxassislardan biri hisoblanadilar. Fiqh, iqtisod, bank mavzularida yuzlab tadqiqot ishlari va o’ttizdan ortiq kitoblar muallifi hamda ko’plab islom tashkilotlari shariat kengashi a’zosi, Qatar Universitetida professor bo’lib faoliyat yuritib kelmoqdalar.

Dr. Shayx Ali Muhyiddin Al Qoradog’iyning kriptovalyuta bo’yicha bergan fatvolari.
Sana: 2022-yil, 17-fevral. Manba: Dr. Ali Al Qaradaghi twitter sahifasi

Yuqorida berilgan Dr. Shayx Ali Muhyiddin Al Qoradog’iyning kriptovalyuta bo’yicha bergan fatvo videolarining mazmuni:

«Shariatda pul birligi bo’lishi uchun qo’yiladigan 2 xil talab bor.

1. O’z zotida qiymatga ega bo’lishi. Masalan, oltin va kumushga o’xshab. Bu turdagi pul birligida bizning nazdimizda muammo yo’q.

2. Ishonarli bo’lishi, uning ortida davlat turishi, himoyalashi, va kafolatlashi lozim.

Shundan kelib chiqib, bitkoin va shu turdagi raqamli valyutalar oltin va kumushga o’xshab o’z zotida asl qiymati mavjud emas va ularning ortida kafolatlaydigan, himoya qiladigan davlat ham yo’q. Kriptovalyutani barcha bir ovozdan tovar-mahsulot ham emasligini ta’kidlaydi. Bundan tashqari, uning moliyaviy huquqi ham mavjud emas, balki u faqatgina ilg’or ishlab chiqilgan dasturdir xolos. Bu bo’yicha chuqur o’rganilgandan so’ng, shariatning hukmi quyidagicha: bitkoin va shunga o’xshash shifrlangan yoki raqamli valyutalarga sarmoya qilish joiz emas va bu pul (mol-mulk)ning muhofazasi uchundir. Ribo sababli harom qilingan emas. Men islom davlatlarini raqamli valyutalarni muomalaga chiqarishga, davlat tomonidan ularga kafil bo’lishga, va ular uchun tizim yaratishga chaqiraman.»

3. Ustoz Hondamir Nusratxo’jayevning javoblari

Islom moliyasi va korporativ moliyada ko’p yillik tajribaga ega, AAOIFI kengashi a’zosi, ustoz Hondamir Nusratxo’jayevning kriptovalyuta haqida berilgan savolga javoblarini quyidagi videoda batafsil bilib olishingiz mumkin.

«Kriptovalyuta joizmi?» degan savolga Hondamir Nusratxo’jayevning javoblari.
Sana: 2022-yil, 8-aprel. Manba: Kozimxon Turaev youtube sahifasi

Savol: … G’arardan kelib chiqqan holatda xulosa qilish mumkinki, hozir shunchalik noaniqlik bo’lgani uchun, kriptovalyutaning oldi-sotdisi islom moliyasiga ko’ra joiz emas deb ulamolar hukm chiqarishgan deb xulosa qilishimiz mumkinmi?

Ustoz Hondamir Nusratxo’jayev quyidagi sabablarni aytib o’tganlar:

1. Ayirboshlash vositasi emas.

2. Siz kim bilan muamalat qilayotganingizni bilmaysiz.

3. Spekulyatsiya uchun ishlatilmoqda, ya’ni puldan pul qilish. Asosiy maqsad puldan pul qilish. Har bir istalgan ulamodan so’rasangiz (moliyani tushunadigan), spekulyatsiya bilan qimor tengma-teng yuradi. Spekulyatsiyani oxiri qimor (maysir)ga taqaladi.

4. Bu pullar yo’q joydan yaratilmoqda va keyin ularga haqiqiy boylik sotib olinmoqda. Bundan farqli ravishda, dollar kabi pullar (so’m, rubl) real iqtisodiy mexanizm asosida ishlaydi.

4. Boshqa olim va mutaxassislarning kriptovalyuta bo’yicha fatvo va javoblari

Yuqorida keltirilgan fatvo va javoblardan tashqari, kriptovalyutaning joiz emasligi haqida bir necha boshqa manbalarni ham topishingiz mumkin. Xususan, Misrning bosh muftiysi Shoki Ibrohim Allam kriptovalyuta bilan shug’ullanish (qazib chiqarish, savdo qilish, va h.k.)ni harom deb fatvo chiqarganlar. Taniqli islom ulamolaridan biri bo’lgan, Shayx Assim al-Hakim ham bitkoin va unga o’xshash kriptovalyutalarning joiz emasligini aytganlar. Shuningdek, O’zbekiston Musulmonlar Idorasi Fatvo hay’ati tomonidan ham kriptovalyuta joiz emasligi aytilgan.

Lekin, maqolamizning boshida eslatib o’tganimizdek, hozirda, kriptovalyutaning ijobiy tomonlarini yoqlab chiqayotgan va bitkoin kabi ayrim kriptovalyutalarning joiz ekanligini ta’kidlayotgan islom ulamolari ham yo’q emas. Umuman olganda, hozirda, kriptovalyutalarning halolligi borasida 3 xil qarash mavjud.

  1. Kriptovalyutani harom deb hisoblovchi ulamolar. Bu ulamolarga Shayx Ali Muhyiddin Al Qoradog’iy, Shayx Shoki Ibohim Allam, va Shayx Assim al-Hakim hazratlarini misol keltirishimiz mumkin.
  2. Kriptovalyuta bilan bog’liq hozir shubhali va mavhum holatlar mavjud ekanligi va uning halolligi borasida aniq asos yo’q deb hisoblovchi ulamolar. Bu ulamolar kripto bilan hozircha shug’ullanishni tavsiya qilmaganlar va yakuniy qarorlarini berishni keyinga qoldirganlar. Bu ulamolarga Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hazratlarini misol keltirishimiz mumkin.
  3. Kriptovalyutani halol deb hisoblovchi ulamolar. Bu ulamolar barcha turdagi kriptovalyutalarni halol deb aytmaganlar, balki muayyan me’zonlarga javob bergan kriptovalyutalarnigina halol deb aytganlar. Bu ulamolarga Muftiy Faraz Adam va Shayx Yasir Qadhi kabi ulamolarni misol keltirishimiz mumkin.

Hozirgi holatda, kriptovalyutani joiz emas deb aytishgan yohud u bilan shug’ullanishni tavsiya qilmagan taniqli ulamolarning fatvo va ko’rsatmalariga amal qilgan holda, halol deb aytilayotgan hollarga batafsil to’xtalishni lozim deb topmadik. Zero, Muftiy Taqiy Usmoniy va Shayx al Qoradog’iylarning hozir kriptovalyuta joiz emasligi haqidagi fatvolari va tavsiyalari, bu ish bilan shug’ullanmaslik uchun yetarli asos bo’ladi deb hisoblaymiz.

Bitkoin (yoki boshqa kriptovalyuta) to’liq halol bo’lishi mumkinmi?

Hozir kriptovalyutaning joizligi borasida ulamolarda turli qarash mavjud bo’lsada, kelgusida bu o’zgarishi va barcha ulamolar ma’lum bir kriptovalyutaning halolligi bo’yicha ittifoq qilishlari mumkin. Keng miqyosda olinganda, buning uchun bir necha shartlar bajarilishi va bu shartlar quyidagilar bo’lishi mumkin.

  1. Kriptovalyuta mamlakat hukumati tomonidan qo’llab-quvvatlanishi kerak va uning qiymati mamlakat iqtisodiga va barqarorligiga bog’liq bo’lishi kerak. Shuningdek, kriptovalyuta real aktivlar (oltin, kumush, neft kabi) bilan ta’minlanishi kerak.
  2. Tranzaksiyalarni kuzatuvchi markaziy organ bo’lishi kerak. Bu pul yuvish, giyohvand moddalar savdosi, va boshqa jirkanch jinoyatlarning tarqalishini oldini olish uchun muhim ahamiyatga ega.
  3. Kriptovalyutadan spekulyativ xarakterni olib tashlash yoki yumshatish kerak. Bu odamlar o’z jamg’arma kapitallarini yo’qotishdan saqlashi uchun muhim hisoblanadi. Shu bilan birga, kriptovalyutaning tebranuvchanligi oqilona darajada bo’lishi nazorat qilinishi zarur.

Xulosa

Xulosa o’rnida, avval bir hadisni keltirib o’tmoqchimiz.

No’mon ibn Bashir (r.a) rivoyat qiladilar:

«Rasululloh salollohu alayhi vasallam marhamat qildilar: β€œHalol ham, harom ham ochiq oydin. Ammo bulardan tashqari, ko’pchilik bilmaydigan shubhali narsalar ham bor. Halol va haromning orasida. Kim shubhali narsalardan saqlansa, o’z dini va sha’nini saqlagan bo’ladi. Kim shubhali ishlarni qilsa, haromga yaqinlashadi. (Go’yoki, bir ekinzorning atrofida mol boqqan odam, o’sha ekinzorga tushib ketish xavfida doim bo’ladi). Har bir podshohning o’z chegarasi boβ€˜ladi. Allohning chegarasi harom qilingan ishlardir. Ogoh bo’linglar! Odam tanasida bir parcha et bor. Agar u tuzalsa, butun a’zolar sog’lom bo’ladi. Agar o’sha bir parcha et buzuq, fosiq bo’lsa, butun a’zolar buziladi. U bir parcha et – qalbdir».

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati

Kriptovalyutalar haqida hozir har xil qarashlar mavjud bo’lsada, taniqli islom ulamolari kriptovalyutani joiz emasligini ta’kidlashgan. Hozirgi holatda, kriptovalyutani joiz emas deb aytishgan yohud u bilan shug’ullanishni tavsiya qilmagan taniqli ulamolarning fatvo va ko’rsatmalariga amal qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Zero, kriptovalyutalar bilan bo’gliq ko’plab amaliyotlar hozir shubhali va yuqoridagi hadisda aytilganidek, shubhali narsalardan saqlanish xayrlidir. Shuni ham unutmaslik kerakki, shariat me’zonlariga muvofiq va islom moliyasi asosida ishlovchi halol kriptovalyutalarni ishlab chiqish zarurati tobora dolzarb masalaga aylanib bormoqda.

Agar maqoladan oz bo’lsada foydali ma’lumot olgan bo’lsangiz, UPLIFT telegram kanaliga do’st va yaqinlaringizni ham taklif qiling. Balki, ular uchun ham foydali bo’lar.

πŸ‘‰ https://t.me/upliftuz

Muallif: Javlon Ota (@javlonota).

Iqtisodchi, Investor, Marketolog

Do'stlaringizga yuboring

Fikr bildirish