Ponzi sxemasi nima?
Ponzi sxemasi – firibgarlikning bir turi bo’lib, firibgar sizga yuqori foizli daromadni va’da qilib pulingizni oladi. Daromadingizni to’lash vaqti kelganda, sizdan keyingi jalb qilgan investorning pulidan sizga to’laydi. Ya’ni, yangi investorlarning pulini eski investorlar daromadini to’lash uchun sarflaydi (o’rtada o’ziga pulning bir qismini olib qoladi). Yangi
investorlar jalb qilinmay qolsa yoki firibgarlik faoliyati oshkor bo’lsa, sxema qulaydi.
Tarixdagi eng katta Ponzi sxemasi
Bernie Madoff tarixdagi eng katta Ponzi sxemasini yaratgan shaxs hisoblanadi. Madoff yillar davomida minglab investorlarni aldab kelgan va 65 milliard AQSh dollariga yaqin mablag’ni noqonuniy o’zlashtirib yuborgan. 2009-yilda Madoff 150 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi va hozirda qamoq muddatini o’tamoqda.
Ponzi sxemasi vs. Piramida sxemasi
Ponzi va Piramida sxemalari bir-biriga o’xshash. Ular o’rtasidagi farq shundaki, Ponzi sxemasida, firibgar yangi jalb qilingan investorlar pulidan eski investorga beradi. A’zo bo’lgan investor boshqa yangi investorlarni jalb qilishi shart emas. Piramida sxemasida esa, firibgar investorga boshqa investorlarni jalb qilsa daromad olishini va’da qiladi. A’zo investor qancha ko’p yangi investor jalb qilsa shuncha ko’p daromad olishi mumkin bo’ladi vu bu piramida ko’rinishida davom etaveradi.
Ponzi sxemasiga aldanib qolmaslik
Hozirda Ponzi sxemasiga qurilgan turli xil firibgarliklarga duch kelish mumkin. Ko’p Ponzi sxemalari quyidagi umumiy xususiyatlarga ega.
- Riskdan holi yuqori daromad. Yuqori daromad keltiradigan investitsiyalarda odatda risk darajasi ham yuqori bo’ladi. «100% kafolatlangan» riskdan holi investitsiya mavjud emas. Firibgarlar aynan mana shu jihati bilan ko’proq mijoz yig’ishga muvaffaq bo’ladi.
- Doimiy barqaror daromad. Investitsiyalardan keladigan daromad vaqt o’tishi bilan o’sib yoki pasayib turadi. Bozor sharoitlaridan qat’iy nazar, doimiy ravishda ijobiy va barqaror daromad keltiruvchi investitsiyani va’da qilishsa, bunga shubha bilan qarang.
- Noqununiy faoliyat. Ponzi sxemalari faoliyati ko’pincha qonuniy asoslanmagan bo’ladi yoki kerakli hujjatlar to’liq rasmiylashtirilmaydi.
- Sirli va murakkab jarayonlar. Aynan nimaga investitsiya kiritilishi aniq-ravshan qilib aytilmaydi. Tushunarsiz va turli murakkab jarayonlar bilan tushuntirishga harakat qilishadi.
- Daromadlarni olishda qiyinchilik. Ponzi sxemasi targ’ibotchilari naqd pul chiqib ketishini oldini olish maqsadida ba’zan daromadlarni to’lashni kechiktirishga harakat qilishadi. Ozroq sabr qilib tursangiz yanada ko’proq daromadlar olishingizni va’da qilishadi.
Shuningdek, Ponzi sxemalari ko’pincha kichik guruhlar va tanishlar orasida keng tarqaladi. Agar siz bilgan odamlarning hammasi bu “biznes”ga pul tikayotgan va mo’maygina daromad ko’rayotgan bo’lsa, sizda ham yaxshi daromaddan quruq qolib ketmaslik hissi paydo bo’ladi. Ponzi sxemasining o’ziga tortuvchi aurasi ham mana shunda. Odamlarning ishonchiga kirish uchun ham ma’lum muddat investorlarga katta foizli daromadlar qaytarib turiladi.
Quyidagilarni yodda tutishingiz foydali:
- Sizga o’ta katta daromadlar (ba’zida 2-3 barobar) va’da qilinib, riskdan holi ekanligi aytilsa ehtiyot bo’ling;
- Hech qachon o’zingiz yaxshi tushunmagan biznesga pul tikmang;
- Kiritgan investitsiyangiz qanday ishlatilishini yoki pulingiz aynan qayerda turishini aniq biling;
- Biznes faoliyati qonuniyligini tekshiring;
- Do’st va tanishlaringizni gapiga shunchaki ishonib ketavermang;
- Barcha pul oldi-berdi jarayonlarini qonuniy rasmiylashtiring;
- Shubhangiz bo’lsa, ishonchli mutaxassisdan maslahat so’rang;
Zamonamizning eng aqlli va boy investorlaridan biri bo’lgan Uorren Baffetdan so’rashgan ekan: “Siz dunyodagi eng boy odamlardan birisiz va qanday investitsiya qilishni doim tushuntirasiz. Hammasi juda oddiy. Nima uchun hamma sizdan nusxa ko’chirmaydi?”
Uorren Baffetning javobi: “Chunki hech kim sekin boy bo’lishni xohlamaydi.”
Agar sizga kimdir tezda boyib ketuvchi imkoniyat taklif qilib katta daromadni va’da qilsa, ehtiyotkor bo’ling. Ponzi sxemasi qurboniga aylanib qolmag.