You are currently viewing Qaysi kompaniyalar aksiyalari kelajakda FAANG kabi muvaffaqiyatli bo’ladi?

Qaysi kompaniyalar aksiyalari kelajakda FAANG kabi muvaffaqiyatli bo’ladi?

FAANG akronimi AQShning yirik texnologiya kompaniyalari – Facebook, Amazon, Apple, Netflix va Google aksiyalarini ifodalash uchun ishlatiladi. Mazkur kompaniyalar o’z sohalarida dominant ekanligi, yirik kapitallashuv darajasi va aksiyalar bahosini jadal sur’atda o’sishi bilan ajralib turadi.

2020-yil, 27-noyabr holatiga ko’ra, bu kompaniyalarning bozor kapitallashuv qiymati quyidagicha ko’rinish olgan:

  • Facebook: 785 milliard AQSh dollari;
  • Amazon: 1.59 trillion AQSh dollari;
  • Apple: 1.97 trillion AQSh dollari;
  • Netflix: 214 milliard AQSh dollari;
  • Google (Alphabet): 1.19 trillion AQSh dollari.

Taqqoslash uchun, O’zbekiston 2019-yil YaIM: 58 milliard AQSh dollari.

Covid-19 pandemiyasi tufayli 2020-yil ko’plab kompaniyalar uchun sinovli bo’ldi. Yil boshidan Noyabr oxirigacha bo’lgan muddatda S&P 500 (AQSh fond birjasida ro’yxatdan o’tgan eng katta 500 kompaniya) indeksi 12% o’sishga erishdi. Bu esa yil davomida qayd etilgan eng yuqori ko’rsatkich. FAANG aksiyalari esa 2020-yil Yanvardan Noyabrgacha S&P 500 ni sezilarli darajada ortda qoldirdi, ya’ni Facebook 35%, Amazon 72%, Apple 62%, Netflix 52%, Google 31% ga o’sdi. FAANG aksiyalarini yuqori sur’atlarda o’sishining yaqqol sababi bu kompaniyalarning o’z bozorlarida dominant ekanligi va mahsulotlariga yuqori talabning mavjudligidir.

Xususan,

  • Facebook: dunyoda eng ko’p ishlatiladigan 7ta ijtimoiy tarmoq platformalarining (Facebook, Messenger, WhatsApp, Instagram, Tik Tok, Snapchat) 4 tasi Facebookga tegishli;
  • Amazon: AQShdagi jami onlayn savdoning 50% ga yaqini Amazon orqali amalga oshiriladi, dunyo bo’ylab mahsulotlarni yetkazib beradi va 17 mamlakatda alohida sayti ishlaydi;
  • Apple: AQSh smartfon bozorida eng katta ulushga ega va dunyoning eng taniqli brendlardan biri;
  • Netflix: 190 dan ortiq mamlakatda 200 millionga yaqin obunachilari bor va streaming bozorida yaqqol favorit;
  • Google (Alphabet): dunyo qidiruv tizimi bozorining 90% dan ko’proq qismiga egalik qiladi.

Ushbu kompaniyalarning o’z bozorlarida dominant ekanligi, kuchli moliyaviy holati, mahsulotlari va brendining taniqligi investorlar uchun jozibador tanlov hisoblanadi. Katta ehtimollik bilan, FAANG kelgusi 5-10 yillikda ham o’z bozorlarida yetakchilikni saqlab qolib aksiya narxlari o’sishda davom etishi kutilmoqda. Lekin qay darajada o’sishi mumkin? Boshqacha qilib aytganda, bu tex gigantlar aksiyasini hozir sotib olsangiz, keyingi 10 yillikda ham oldingi 10 yillik kabi sensatsion o’sish kuzatiladimi? Bu savolga «ha» yoki «yo’q» deb javob berish va ikki tomon uchun ham yetarlicha argument keltirish mumkin.

Lekin yuqoridagi savolning ustida izlanishda yanada qiziq va muhimroq savol paydo bo’ladi: Hozirgi qaysi kichikroq kompaniyalar aksiyalari kelajakda FAANG kabi muvaffaqiyatli bo’lishi mumkin? Savolning javobini hozir shiddat bilan rivojlanayotgan va yaqin kelajakda hayotimizning ajralmas qismi bo’lishi kutilayotgan sohalardan qidirish kerak. AI, Cloud, 5g, e-Commerce, Muqobil energiya, Blockchain, kabi sohalar bunga misol bo’la oladi. Zamonaviy texnologiyalar sohasida «portlab chiqib» kelgusida o’z sohalarida yetakchi bo’lishi kutilayotgan kompaniyalar bir qancha. Masalan, Twilio, Shopify, Tesla, Nvidia, kabi kompaniyalar hozir nisbatan kichik bo’lishiga qaramay kelajakda ulkan salohiyatga ega. Siz qaysi kompaniyalar yaqin kelajakda FAANG kabi muvaffaqiyatli bo’ladi deb o’ylaysiz?

Do'stlaringizga yuboring

Ushbu maqolaga 1 fikr bildirilgan

  1. Dilshod

    Man Facebook aksiya olmoqchiman yordam bering

Fikr bildirish