Boylik (pul) yomon narsa emas, agarda:
- Halol yo’l bilan topilsa;
- Hayotning asosiy mazmuniga aylanmasa;
- Faqatgina o’z manfaatlaringiz yo’lida ishlatilmasa;
- Va eng muhimi, boylik sizni Allohdan va ibodatdan uzoqlashtirmasa.
Islom dini ikki dunyo obodligiga chaqiradi. Musulmon kishi Oxiratni birinchi o’rinda yodda tutgan holda, bu dunyo yaxshiliklariga erishishga harakat qilishdan to’xtashi kerak emas.
«Va ulardan ba’zilari: ‘Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilikni, oxiratda ham yaxshilikni bergin va bizni do’zax olovi azobidan saqlagin’, deydir. Ana o’shalarga qilgan kasblaridan nasiba bor. Va Alloh tez hisob qiluvchidir.»
(Baqara surasi, 201-202-oyatlar)
Rizq Allohdan. Kishi erishadigan muvaffaqiyat va orttiradigan barcha boylik Allohning tavfiqi bilan bo’ladi. Shuning uchun, boylikka bir vosita/sinov sifatida qarash va iloji boricha uni ko’proq ezgu va xayrli amallarga sarflash zarur.
«Mollarini Allohning yo’lida sarflaydiganlarning misoli huddi bir dona donga o’xshaydir. Undan yetti boshoq o’sib chiqadir, har boshoqda yuztadan don bor. Va Alloh kimga xohlasa, yana ko’paytirib beradir. Va Alloh qamrab oluvchi va biluvchi Zotdir.»
(Baqara surasi, 261-oyat)
Ishlab topayotgan pulimiz va orttirgan boyligimiz shinam uyda yashashga, ko’nglimiz tusagan narsalarni sotib olishga, sayohat qilishga va boshqa ko’plab shaxsiy ehtiyojlarni qondirishga xizmat qilsada, boylikni xayrli ishlarga sarflashni asosiy maqsad qilib olish va unga amal qilish yanada foydaliroq.
Halol yo’l bilan boylik orttiring va boyligingizni Alloh yo’lida ezgu amallarga sarflang:
- Xayr-ehson qiling;
- Yetim va muhtojlarga yordam bering;
- Yoshlarni bilim olishiga sarmoya kiriting;
- Jamiyatga foydali korxonalar tashkil qiling;
- Yangi ish o’rinlarini yarating;
- Ilm-fan rivojiga sarmoya kiriting.