You are currently viewing Goldilok qoidasi: Motivatsiyani yo’qotmaslikning ilmiy asoslangan usuli

Goldilok qoidasi: Motivatsiyani yo’qotmaslikning ilmiy asoslangan usuli

Jeyms Dayson zamonaviy changyutgichni yaratishdan oldin kashfiyoti ustida 15 yil ishlagan va 5,126 marta muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Hozirda eng ko’p sotilgan kitoblardan biri hisoblanuvchi Joanna Roulingning Harry Potter asarini dastlab hech kim chop qilishni xohlamagan va 12 ta nashriyot rad javobini bergan. Keyinchalik 3 marotaba Oskar mukofotini olgan Rocky filmi senariysini Silvester Stallone 1,500 marta sota olmagan.

Bu kabi yana boshqa ko’plab misollarni keltirish mumkin. Lekin aytmoqchi bo’lgan narsam: Muvaffaqiyat yo’li mashaqqatli va unga osonlikcha erishib bo’lmaydi. Qiyinchiliklarga qaramasdan qanday qilib o’z maqsadlaringizdan voz kechmaslik va motivatsiyani tushirmaslik mumkin?

Motivatsiyani doimiy saqlab turish haqida Jeyms Kler o’zining Atomic habits kitobida ilmiy asoslangan qoidani keltiradi.

Goldilok qoidasi

Yilllar davomida motivatsiyani o’rgangan olimlar shunday xulosaga keladi: Doimiy motivatsiyada bo’lish uchun boshqarib bo’ladigan qiyinchilikdagi vazifalar ustida ishlashingiz kerak. Masalan, agar siz 5 yoshli bolaga qarshi tennis o’ynasangiz, osongina yutasiz va tezda zerikib qolasiz. Agar Rojer Federer kabi top tennischiga qarshi o’ynasangiz, tezda hafsalangiz pir bo’ladi va yutishga bo’lgan umidingiz so’nadi. Sizning darajangizda yoki sizdan biroz kuchli raqib bilan o’ynalgan tennis esa ancha qiziqarli kechadi. Endi sizda g’alaba qozonish uchun yaxshi imkoniyat bor; faqat bor kuchingiz bilan harakat qilish talab qilinadi.

Goldilok qoidasi shuni ifodalaydiki, odamlar o’zlarining qobiliyatlariga mos va biroz qiyin vazifalar ustida ishlaganda, eng yuqori motivatsiyaga erishadi. Juda qiyin ham emas, juda oson ham emas. Me’yorida tanlangan vazifa. 

Muvaffaqiyatga erishish uchun Goldilok qoidasidan qanday foydalanish kerak?

O’z oldingizga qo’ygan maqsadlarga muvaffaqiyatli erishish uchun juda oson yoki juda qiyin bo’lmagan vazifalardan boshlang. Agarda siz o’zingizning hozirgi bilim yoki qobiliyatingizga mos bo’lmagan juda qiyin vazifalarni bajarishdan boshlasangiz, bu sizni umidingizni tezda so’ndirib qo’yishi mumkin. Va sizda ikkilanish paydo bo’la boshlaydi. Ikkilanish esa asta-sekin motivatsiyani o’ldiradi. Yoki aksincha, bajaradigan vazifalaringiz juda oson bo’lsa ham ishtiyoqingiz uzoqqa bormaydi.

Muvaffaqiyat yo’lida motivatsiyani maksimal darajada ushlab turish uchun, nafaqat vazifalarni qobiliyatingizga mos tanlash balki bu vazifalarni bajarib, progressingizni qayd etib borish ham o’ta muhim. Biror narsani o’rganish yoki amalga oshirish davomida quyidagi savollarni o’zingizdan tez-tez so’rab turing:

  • Bu ishni boshlaganimda qanday darajada edim?
  • 1-2 oydan so’ng qancha o’zgardim?
  • Hozir qanday darajadaman? 

O’zingizni qay darajada o’sib borishingizni ko’rish katta motivatsiya beradi va yanada oldinga intilishga chorlaydi.

Muvaffaqiyatga erishishni hamma xohlaydi lekin muvaffaqiyatning uzoq va mashaqqatli yo’lida hamma ham turg’un boravermaydi. Agar hayotingizni yaxshilashni va doimiy motivatsiyada bo’lishni xohlasangiz, qiyinchiliklariga chiday oladigan va qobiliyatingizga mos vazifalardan boshlang, progressingizni o’lchab boring. Bu jarayonni qayta takrorlang.

Maqsadlaringizdan chalg’ib ketib qolmaslik uchun ushbu maqolani o’qing.

Izoh: «Goldilok» so’zi ko’pchiligimiz bilgan Oltinsoch va 3 ayiq (Goldilocks and 3 bears) bolalar hikoyasidan olingan. Hikoyadagi qiz ayiqlarning ovqatidan yeb ko’radi va juda issiq ham emas, juda sovuq ham bo’lmagan ovqatni tanlaydi. Shuningdek, qizcha ayiqlarning stuliga o’tirib ko’radi, karavotida yotib ko’radi va doim uning uchun me’yorida bo’lgan narsalarni tanlaydi.

Do'stlaringizga yuboring

Fikr bildirish