Kaizen nima?
Kaizen Yaponchadan olingan bo’lib, “yaxshi tomonga o’zgarish” yoki “doimiy takomillashib borish” ma’nolarini anglatadi. Bu atama dastlab Yaponiya biznes falsafasida har bir ishchi va operatsiyani doimiy takomillashtirib borish jarayoni uchun ishlatilgan. Hozirda Kaizen boshqa ko’plab sohalar, xususan, shaxsiy rivojlanishni tushuntirishda ham keng ishlatiladi.
Shaxsiy rivojlanishda, Kaizen – bir martalik va birdaniga ko’p kuch talab qiliuvchi say-harakatlar emas, askincha bosqichma-bosqich, asta-sekinlik bilan hayotimizni yaxshilashga qaratilgan va uzoqni ko’zlab qilinadigan harakatlardir.
Kaizen nima uchun muhim?
Hayot bu sprint emas, balki marafondir. Muvaffaqiyatli va katta o’zgarishlar huddi chaqaloqning kunlik qadam tashlashi kabi sekin-astalik bilan amalga oshiriladi. Kaizenga amal qilmaslik sizning maqsad yo’lingizdan toyib ketishingiz imkoniyatini oshirib yuboradi. Ba’zida taslim bo’lishingizga ham olib keladi. Buni quyida kengroq tushintiramiz.
Kaizen: Asosiy tushunchalar
Ko’pchiligimizda muvaffaqiyat yoki katta o’zgarishlar odatda ulkan tashabbus orqali vujudga keladi degan aldamchi faraz mavjud. Aslida esa, katta muvaffaqiyatlar uzoq vaqt davomida izchillik bilan bosqichma-bosqich amalga oshirilgan harakatlar natijasi hisoblanadi. Kaizen bir kunda amalga oshgan orzu singari o’ta hayajonli va yoqimli bo’lmasa ham, muvaffaqiyatga erishish jarayonining eng realistik ko’rinishidir. Bu yaponlarning barqaror va tuganmas muvaffaqiyatga erishish falsafasi hisoblanadi.
Kaizenni o’z hayotingizda qo’llash uchun, e’tiboringizni doim o’ylab yuradigan “birdaniga tubdan o’zgarish”dan doim amalga oshirsa bo’ladigan kichik o’zgarishlarga qaratishingiz zarur. Sizning kundalik kichik odatlaringiz sizni kundan-kunga o’sishingiz uchun xizmat qiladi. Har hafta bitta yangi kitob o’qish odatiga nima deysiz?
Ko’p holatlarda biz to’g’ridan-to’g’ri butkul o’zgarishni istaymiz. Lekin harakterimizdagi o’zgarishlarni qisqa vaqt davomida, birdaniga amalga oshirish imkonsiz. Bu bizdan bosqichma-bosqich, izchil o’zgarishlarni talab qiladi. Misol uchun, bir kun hech narsa yemasdan to’liq parhez qilgandan ko’ra, har haftada sog’lik uchun zararli bitta mahsulotni kundalik ratsionimizdan chiqarib tashlaganimiz ancha qulay va samarali. Agar shunday qilsak, ikki yil ichida biz butunlay sog’lom va yangi ratsionga erishamiz. Bu deyarli o’zimiz sezmagan holatda amalga oshadi.
Shaxsiy rivojlanish uchun eng maqbul yo’l – kichik o’zgarishlarni bosqichma-bosqich va doimiy ravishda hayotingizga tatbiq qilib borishdir. Bu sizni hayotingizni doimiy yaxshilab borish va ulkan o’zgarishlarni qilishingiz uchun poydevor vazifasini o’taydi.