Avvalgi maqolamizda komfort zona va nega unda uzoq vaqt qolib ketish kelajagimiz uchun jiddiy zarar ekanligi haqida ma’lumot bergan edik. Bugun esa undan chiqish yo’llari haqida gaplashamiz.
Siz komfort zonada ekanligingizda hayot oson va yaxshi tuyuladi. Albatta, hech qanday yangi narsalarni o’rganishga intilishlarsiz yashash sizni ortiqcha stress va jismoniy toliqishlardan asraydi. Komfort zonangizni tark etishingiz siz uchun qiyin. Chunki bu juda ko’plab noqulayliklarga sabab bo’lishi mumkin. Lekin aslida hayotimizda sevimli mashg’ulotimiz bilan shug’ullanish va o’zimiz istagan kasbni egallash orqali haqiqiy qulay va farovon hayotga ega bo’lishimiz mumkin. Ma’suliyat va oldindagi noma’lumlikdan qo’rqish komfort zonadan chiqib keta olmaslikning eng asosiy sabalaridan biri hisoblanadi. Sizni shaxs sifatida o’sishingiz, imkoniyatlar va baxtli hayot aynan o’zingiz o’ralib qolgan qobiqni tark etganigizdagina sodir bo’ladi. Quyida sizga buni qanday uddalasa bo’lishi haqida ma’lumot beramiz.
1. Oz-ozdan, mayda narsalardan boshlang.
Afrikaliklarning bir maqoli bor: “Agar tog’larni ko’chirishni xohlasang, bugun toshlarni ko’tarishdan boshlashing kerak”. Maydaroq, bajarish nisbatan osonroq bo’lgan narsalardan boshlang. Bu biror chet tilini o’rganish, erta turish, sport bilan shug’ullanish kabilar bo’lishi mumkin. Kichik narsalardan boshlash sizga yangi narsalarga osonroq moslashib olishga yordam beradi va kelajakdagi qiyinroq vaziyatlarga tayyorgarlik vazifasini bajaradi.
2. Tashqi o’zgarishlar orqali ichki dunyongizni rivojlantirib boring.
Hech boshqacha soch turmagida yoki yangi kiyim kiyganingizda o’zingizni boshqacha his qilganmisiz? Sizning tashqi ko’rinishingiz sizni hissiyotlaringizga siz o’ylagandan ko’proq ta’sir ko’rsatadi. Bu o’ziga hos ong osti hiylasini o’z foydangiz uchun ishlating va ichki dunyongizni rivojlantirish uchun tashqi dunyoda o’zgarishlarni amalga oshiring. Bu yangi soch turmagi, boshqacha menyu, yangi do’stlar davrasi yoki xonangizni qayta jihozlash bo’lishi mumkin. Atrofimizdagi narsalar bizga ruhan ijobiy yoki salbiy ta’sir o’tkaza oladi. Agar siz o’zingizni o’zgartirishda qiynalayotgan bo’lsangiz, avval atrofingizdagi narsalarni o’zgartirishdan boshlang.
3. Qo’rquvingizni aniqlab oling. O’rganing.
Odatda biz o’zimiz uchun tushunarsiz bo’lgan narsalardan ko’proq qo’rqamiz (masalan, soliqlar). Sizni maqsadga eltuvchi yo’lda nima ko’proq xavotirga solmoqda? Ishni aynan shuni aniqlab olishdan va uni astoydil o’rganib chiqishdan boshlang. Zaiflikni yutuqqa aylantira olish juda katta matonat talab qiladi, lekin mevasi juda shirin bo’ladi. Zaif nuqtangizni yashirmang, uni tan olib, o’rganing va u sizni kuchli tarafingizga aylansin. Turizm sohasida biznes rejangiz boru, ingliz tilingiz unchalik kuchli emasmi? Tilni mukammal o’rganishni boshlang, ertaga u sizning eng kuchli nuqtangiz bo’lsin.
4. Harakat qilmang, bajaring.
Maqsad sari shunchaki harakat qilishning o’zi yetarli emas, ko’p narsalarni amalga oshirishingiz kerak. Turli usullardan foydalanib ko’ring. Sizni haqiqatan ham qo’rquvga soladigan vazifalarni bajarib ko’ring. Biror narsani birinchi marotaba qilib ko’ring. Qilib ko’rish – komfort zonani tark etishning yagona to’g’ri yo’li hisoblanadi. Bu yo’ldagi noqulayliklar yangi normalarga aylanadi. Qo’rquv bosqichi yakunlanib, o’rganish bosqichi boshlanadi.
Komfort zonani tark etishda qanday bosqichlardan o’tib borasiz?
Komfort zona: O’zingizni xavfsiz va boshqaruvda his qilasiz.
↓
Qo’rquv zona: O’zingizga ishonch yetishmaydi, boshqalar fikridan qo’rqasiz, bahonalar topasiz.
↓
O’rganish zonasi: Yangi narsalarni o’rganib qiyinchiliklarni yenga boshlaysiz.
↓
O’sish zonasi: Yangi imkoniyatlar paydo bo’ladi, maqsadlaringizga erishishni va orzu qilgan hayotingizda yashashni boshlaysiz.
Yodingizda tuting: Siz istaydigan maqsadingizga avval o’z shubhalaringiz va qo’rquvingizni yengib o’tsangizgina erisha olasiz. Biror joyga borishda tashlangan birinchi qadam, bu – hozir turgan joyingizni tark etish istagi hisoblandi. Birinchi qadamni tashlash esa doim qiyin bo’lgan. Komfort zonadan tashqariga tashlangan har bir qadamingizni o’z qarashlaringizni o’zgartiruvchi yangi imkoniyat sifatida qabul qiling. Bu yo’ldagi muvaffaqiyatsizliklar esa aslida sizga taqdim etilgan qimmatli bonuslar hisoblanadi. Bill Geyts aytganidek: “Muvaffaqiyatga erishganlikni nishonlash yaxshi, lekin muvaffaqiyatsizlikdan saboq chiqarish undan muhimroq”.