Hayotimizda maqsad qo’yish va unga erishish katta o’rin tutadi. Maqsadni to’g’ri qo’ya bilmaslik oqibatida hayotingiz siz boshqara olmaydigan tartibsiz voqea-hodisalar ketma-ketligidan iborat bo’lib qolishi mumkin. Insoniyat tarixidagi katta muvaffaqiyatlar o’z vaqtida to’g’ri rejalashtirilgan va erishilgan maqsadlar natijasi bo’lgan. Quyida sizga orzularingizga yetishishning zamonaviy, samarali, ilmiy o’rganilgan, bir so’z bilan aytganda: SMART usulini tanishtirib o’tamiz.
SMART – bu inglizcha akronim bo’lib, u maqsadni to’g’ri tushunib yetish va erishishga yordam beruvchi, o’ta samarali metod hisoblanadi. Maqsadingiz SMART bo’lishi uchun, siz quyidagi me’zonlarni shakllantirib, aniqlashtirib olishingiz kerak:
S – (Specific) aniq;
M – (Measurable) o’lchab bo’ladigan;
A – (Attainable) erishib bo’ladigan;
R – (Relevant) mos,bog’liq bo’lgan;
T – (Timely) muddatli;
1. Specific
Aniq nimaga erishmoqchisiz? Maqsadingiz haqida qanchalik aniq tasavvurga ega bo’lsangiz va uni tushunib yetsangiz, unga erishish ehtimolingiz shuncha oshadi. Yanayam soddaroq qilib tushuntiradigan bo’lsak, SMART maqsadlashtirish bu “men millioner bo’lmoqchiman”, deyish emas, balki “men keyingi 10 yillikda yangi dastur ishlab chiqish orqali oyiga 50 ming dollardan ishlab topmoqchiman” deb aytishdir. Maqsadni aniqlashtirib olish uchun quyidagi savollarga albatta javob berishingiz kerak:
- Aniq nimaga erishmoqchiman?
- Qachon?
- Qayerda?
- Qanday qilib?
- Kim bilan?
- Shart-sharoitlar qanday?
- Nega aynan shu maqsadga erishmoqchiman? Bu maqsadga olib boruvchi boshqa yo’llar ham bormi?
2. Measurable
Maqsadingiz doim o’lchay oladigan bo’lsin. Ya’ni, siz yo’ldan adashmasligingiz va motivatsiyani yo’qotib qo’ymasligingiz uchun erishishingiz lozim bo’lgan bosqichlarni belgilab oling. Avvalgi holatingiz bilan solishtiring, o’sish bo’layotganini o’lchab boring. Buning uchun quyidagi savollarga javob berishingiz kerak bo’ladi:
- Qancha?
- Maqsadga erishganimni qanday bilaman?
- Nechta?
3. Attainable
Maqsadingiz real, erishsa bo’ladigan bo’lsin. Boshqacha aytganda, u sizni qobilyatlaringizni sinovdan o’tkazishi, sizni ishlashga, izlanishga majbur qilishi lozim lekin shu bilan birgalikda u amalga oshirishning iloji bo’lishi kerak. Erishsa bo’ladigan maqsad quyidagi ikki savolga javob berishi zarur:
- Buni qanday amalga oshiraman?
- Boshqa faktorlarni hisobga olganda (masalan, moliyaviy imkoniyatlaringizni), bu maqsad qanchalik real?
4. Relevant
Maqsadingiz siz uchun kerakli va boshqa rejalaringizga hamohang bo’lishi lozim. Yaxshilab o’ylab ko’ring:
- Harakat qilib ko’rishga arziydigan maqsadmi?
- Aynan shu narsa sizga hozir kerakmi?
- Bu sizni boshqa rejalaringizga mosmi?
5. Timely
Vaqt = pul! Ko’pchiligimiz uchun deadlinelar harakat qilishimiz uchun eng yaxshi motiv bo’lib xizmat qiladi. O’zingiz uchun deadline qo’ying va unga qat’iy amal qiling. Unutmang, ular real va moslashuvchan bo’lishi lozim. Vaqtni to’g’ri belgilash uchun quyidagi savollarni o’zingizga berib ko’ring:
- Qachon?
- Olti oydan keyin nima qila olaman?
- Olti haftadan keyinchi?
- Bugunchi?
SMART metodi sizga ma’lum chegaradan chiqib ketmagan holatda maqsadga erishishda zarur bo’lgan bosqichlardan o’tib borishingizga yordam beradi. Shuningdek bu metod kerakli resurslar, erishayotgan natijalar va sarflanayotgan vaqt ustidan nazorat qilish imkoniyatini beradi. Maqsadlaringizga smart usulda erishing.