You are currently viewing O’qish jarayonini samarali tashkil qilish uchun muhim maslahatlar

O’qish jarayonini samarali tashkil qilish uchun muhim maslahatlar

O’qish va yangi narsani o’rganish doim bizdan katta iroda va mehnat talab qiladi. Siz maktab o’quvchisi bo’lasizmi yoki PhD darajasidagi tajribali talabami, o’qish jarayonida diqqatni yo’qotib qo’ymaslik va doimiy motivatsiyada bo’lib turish juda muhim hisoblanadi. Ushbu maqolamizda o’qish jarayonini samarali amalga oshirish uchun sinovdan o’tgan,
kerakli metodlar bilan tanishtirib o’tamiz. Shunigdek, diqqatingizni jamlashga yordam beruvchi ba’zi foydali dasturlar haqida ma’lumot berib o’tamiz.

1. Kerakli muhitni yaratib oling.

Qayerda siz samarali ishlay olishingizni aniqlab oling. Ba’zilar uchun kutubxonadagi jimlik kerak bo’lsa, boshqalar yorug’ va keng book kafelarni afzal ko’radilar. Yana kimdirlar esa odamlardan uzoqda, yolg’iz uyda o’zlari istagandek atmosferaga ega bo’ladilar. Qayerda bo’lsangiz ham quyidagi detallarga e’tibor bering:

  • Tekis va toza, barcha o’quv qurol va qo’llanmalaringizni sig’dira oladigan stol;
  • Agar siz noutbuk yoki boshqa elektron qurilmadan foydalansangiz kerakli barcha narsalarni (rozetka, quloqchinlar va sichqoncha) oldindan tayyorlab oling;
  • O’tirib yoki turib ishlash uchun qulay sharoit. Bu qulay stul yoki turib ishlash uchun moslashtirilgan stol bo’lishi mumkin. Yorug’lik va orqa fondagi shovqin/musiqa ham katta ahamiyat kasb etadi.

2. Aniq belgilangan jadval asosida shug’ullaning.

Diqqatni jalb qilishni eng samarali yo’llaridan biri bu o’zingiz uchun mos bo’lgan o’quv jadvalini ishlab chiqish. Shunigdek, jarayon boshlangungacha bo’lgan takroriy odatlarni shakllantiring. Bu stol ustini tozalash yoki biror ichimlik tayyorlab ichish bo’lishi mumkin. Bir necha daqiqalik tayyorlanish jarayoni sizni nafaqat jismoniy balki aqliy jihatdan ham diqqatingizni jamlashga yordam beradi.

3. Chalg’ituvchi tashqi ta’sirlarni to’xtating.

Bu oila a’zolaringiz, do’stlar yoki telefoningizga keluvchi turli xil qo’ng’iroq yoki xabarlar bo’lishi mumkin. Kichik chalg’ish ham sizga bir necha daqiqalik qimmatli vaqtni yo’qotishingizga sabab bo’lishi mumkin. Tadqiqotlarga ko’ra, siz bir martalik kichik chalg’ishdan keyin yana qayta diqqatni jamlab olishingiz uchun o’rtacha 23 daqiqa sarflaysiz. Telefon yoki kompyuteringizdagi sizni chalg’ituvchi dasturlarni vaqtincha to’xtatib turish uchun Freedom dasturini tavsiya qilamiz. Bu dastur orqali siz
osonlik bilan ma’lum vaqtga o’zingiz istagan dasturlarni to’xtatib qo’yishingiz mumkin.

4. Eng yaxshi vositalardan foydalaning.

Agar siz geometriyadan imtihonga tayyorlanmoqchi bo’lsangiz, albatta kerakli barcha o’quv qurollari (jadval, qalam, sirkul, transportyor vhk)ni tayyorlab oling. Ba’zida esa butun jarayonni birgina uchi o’tmas qalam yo’qqa chiqarib qo’yishi mumkin. Dars tayyorlash jarayonini samarali tashkil qilish va belgilangan rejadan og’ib ketmaslik uchun quyidagi
zamonaviy dasturlardan foydalanishingiz mumkin:

  • Todoist – bu dastur orqali siz samarali to-do list tashkil qilishingiz, kattaroq loyihalarni esa kichik, bosqichma-bosqich amalga oshirish imkonini beruvchi topshiriqlarga bo’lib
    chiqishingiz mumkin.
  • Schooltraq – bu dastur talabalar uchun onlayn akademik rejalarni ishlab chiqishga juda qulay bo’lib, vazifa va proyektlarni taqsimlash va istalgan joyda ularni qayta ishlashga imkon beruvchi qulay dastur hisoblanadi.
  • Trello – bu dastur ham katta rejalarni mayda vazifalarga bo’lib, ular ustida ishlashga mo’ljallangan. Shungdek, Trello sizga vazifalarni maxsus kategoriyalarga bo’lib, deadlinelar yaratish imkonini beradi.
  • Brain.fm – sizni o’rganish jarayonida samarali ishlashingiz uchun turli musiqalarni topib beradi. Bu dasturdagi barcha musiqalar inson o’qish va o’rganish qobiliyatini rivojlantirish uchun maxsus tayyorlangan.
  • Coffitivity – bu dastur ham sizni o’qish jarayoningizni yoqimli qilib, aqliy salohiyatingizga ta’sir etuvchi musiqalar taqdim etadi.
  • Habitica – sizda foydali otadlarni shakllantirishga yordam beruvchi, o’yin ko’rinishidagi dastur. O’yindagi turli yutuqlar va jazolar sizda foydali odatlarni shakllanishiga yordam
    beradi.

Yuqoridagi kabi bepul dasturlar haqida mana bu linkda ham to’liqroq ma’lumot olishingiz mumkin. Umuman olganda, o’qish jarayonini samarali tashkil etish uchun hamma uchun birdek foyda beruvchi maxsus dastur yoki ish rejasi mavjud emas. Har bir odam o’z o’rganish qobiliyatidan kelib chiqib o’z metodini ishlab chiqishi lozim. Yuqoridagi maslahatlar esa, sizn o’z yo’lingizni topib olishingizga yordam berishi mumkin xolos. Unutmang: muvaffaqiyat yo’lida sizga eng katta zararni ham foydani ham faqat bir inson keltiradi bu – o’zingiz.

Do'stlaringizga yuboring

Fikr bildirish