You are currently viewing Pareto tamoyili bilan hayotingizni qanday yaxshilash mumkin?

Pareto tamoyili bilan hayotingizni qanday yaxshilash mumkin?

1906 yilda Italiyalik iqtisodchi Vilfredo Pareto Italiyadagi boylikning odamlar qo’lida qanday taqsimlanganini o’rganadi va mamlakatda 20% aholi umumiy boylikning 80%iga egalik qilishini aniqlaydi. Paretoning bu tadqiqoti keyinchalik turli sohadagi voqeiliklarni tushuntirish uchun ishlatila boshlaydi va «Pareto tamoyili» yoki β€œ80/20 qoidasi” nomi bilan yuritiladi. 

Pareto tamoyili shuni ifodalaydiki, natijaning 80%i xatti-harakatning 20%idan kelib chiqadi. 

Masalan:

  • Kasallarning 20%i tibbiy resurslarning 80%ini ishlatadi;
  • Kodlarning eng qiyin 20%i kodlashdagi 80% vaqtni oladi; 
  • Dunyoning 80% boyligiga dunyo aholisining 20%i egalik qiladi;
  • Shikoyatlarning 80%i mijozlarning 20%idan keladi;

Turli sohalarda bu kabi misollarni ko’plab keltirish mumkin. Shuni ta’kidlash kerakki, Pareto tamoyili doim 80/20 nisbatida bo’lmaydi. Ba’zida 75/25 yoki 83/17 bo’lishi mumkin. Muhimi uning asosiy mohiyatini tushunib olish. Biznesda, Pareto tamoyili strategik rejalashtirish va samaradorlikni oshirish uchun keng qo’llanib kelinadi. Bunga bir oddiy misol:

Ahmad ismli bir tadbirkor yangi restoran ochadi. Restoranni 1 oy yuritgandan so’ng, Ahmad Paretodan foydalanib shuni sezadiki, daromadning 80%i restoran ishlash vaqtining 20% qismida kelmoqda. Ya’ni, asosiy daromad keltiradigan mijozlar 18:00-20:00 oralig’ida tashrif buyuradi. Ahmad endilikda bu vaqt oralig’iga oldindan tayyorlanib va turli qo’shimcha taom/xizmatlar taklif qilib daromad va samaradorligini yanada oshirishi mumkin.

Pareto tamoyilini kundalik hayotda qanday qo’llash mumkin?

80/20 qoidasi hayotingizga bir necha ajoyib ijobiy o’zgarishlarni olib kirishi mumkin. Sizdan faqat kundalik hayotingizda duch keladigan muhim savollarni bu qoidaga qo’yib ko’rish talab qilinadi. Pareto tamoyili orqali bajaradigan ishlaringiz samaradorligini tekshirishda, shaxsiy munosabatlarda, bo’sh vaqtingizni qanday sarflashda yoki dietani nazorat qilishda va boshqa ko’plab kundalik yumushlarda foydalanishingiz mumkin.

Masalan, ishxonada bajaradigan vazifalaringiz ichida qaysilari sizning natijalaringizga eng katta ta’sir ko’rsatishini aniqlash orqali samaradorligingizni optimallashtirish mumkin. Shaxsan o’zimning tajribamdan bir oddiy misol keltirsam, har kuni ertalab ish emailimni ochganda o’rtacha 30-40 ta har xil email kelgan bo’ladi. Bu emaillar yangiliklardan tortib, mijozlarning oddiy savollari, yangi biznes takliflar va hozirgi qilayotgan loyihalarimga bo’gliq narsalarni o’z ichiga oladi. Emaillarga birma-bir javob berish o’rniga, dastlab, eng asosiylarini (6-8ta) belgilab olaman va tushlikkacha faqat shular ustida ishlayman chunki aynan shular menga 70-80% natijani olib keladi. Tushlikdan keyin esa bemalol qolgan emaillarga javob berish va 2-darajali ishlar bilan shug’ullanish mumkin.

Bo’sh vaqtdan unumli foydalanishda ham Pareto tamoyilini qo’llashingiz mumkin. Siz 80% bo’sh vaqtingizni televizor ko’rishga yoki kompyuter o’yinlar o’ynashga sarflasangiz, buni ertangi kun uchun 20% foydasi tegishi mumkin xolos. Bo’sh vaqtingizning 20%ini yangi bilim-ko’nikmalar o’rganishga sarflash esa, siz uchun 80% foydali bo’lishi mumkin. 80/20 qoidasi bilan bo’sh vaqtingizni qancha qismini nimaga sarflayapsizu foydalilik darajasi qanchaligi haqida ham o’ylab ko’ring. 

Shuningdek, atrofingizdagi odamlar bilan munosabatda 80/20 qoidasi ishlashini ko’rish mumkin. Ko’p hollarda, siz bilan munosabatda bo’ladigan 80% odamlar hayotingizga 20%gina zavq beradi. Va aksincha, siz aloqada bo’ladigan do’st-tanishlaringizning 20%i hayotingizga eng ko’p zavqni keltiradi. Ushbu 20%ga asosiy e’tiborni berib birga ko’proq vaqt o’tkazish, ijtimoiy hayotda sizni yanada baxtli his qilishga yordam beradi.

Yuqoridagi misollardan tashqari, hayotingizning turli jabhalarida Pareto tamoyilining namoyon bo’lishini ko’rishingiz mumkin. Kundalik vazifalaringiz, sarflaydigan vaqtingiz, odatlaringiz va turli harkatlaringiz haqida o’ylab ko’ring. Kuzatuvchan bo’ling. Shuni unutmangki, 80/20 qoidasini amal qilish kerak bo’lgan qat’iy qoida deb belgilab olmang. Aksincha, bu qoidani hayotdagi turli vaziyatlarni baholashda bir vosita deb qarang. Paretodan to’g’ri foydalanish – hayotingizga siz kutmagan darajada ijobiy o’zgarishlarni olib kiradi.

Do'stlaringizga yuboring

Ushbu maqolaga 2 fikr bildirilgan

  1. Samandarbek

    Assalomu alaykum Preto qoidasi menga haqiqatni aniqlashga, kundalik hayotimni taqsimlashga yordam berishini tushundim.

    1. Admin

      Vaalaykum assalom,
      Maqola sizga foydali bo’lganidan xursandmiz πŸ™‚

Fikr bildirish