Fake news yohud soxta yangilik o’zi nima? Soxta yangilik – bu mutlaqo yolg’on yoki haqiqatni o’z ichiga to’liq olmaydigan va o’quvchilarni ataylab chalg’itishga qaratilgan yangiliklardir. Soxta yangilikning eng yomon tomoni shundaki, u ko’p hollarda juda ishonarli eshitiladi va osongina ishonib qolish mumkin.
Soxta yangilik turlari
Soxta yangilik qadimdan mavjud bo’lib kelgan. Lekin so’ngi yillarda internet va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilar sonining oshishi natijasida aktual mavzuga aylanib qoldi. Soxta yangiliklarni hozirgi kunda bir necha xil ko’rinishda uchratish mumkin:
- Maqsadli soxta yangilik (Ma’lum bir shaxs, guruh yoki mavzuning foydasini ko’zlagan asoslanmagan va yolg’on ma’lumotlar. Haqiqiy dalillar yashirilib o’quvchilarga ataylab noto’g’ri ma’lumot tarqatish niyatida yaratiladi);
- Manipulyatsiya (Ma’noni o’zgartirish uchun tarkibni qasddan o’zgartirish. Haqiqiy voqeaga aniq o’xshamaslik uchun tasvirni qisqartirish bilan birga, kontekstdan tashqarida bo’lgan xabarlarni ham o’z ichiga oladi);
- Deepfake (Videoda boshqa odamning harakat va ovozini o’xshatish orqali soxta ma’lumotlar yaratish. Yuqoridagi video bunga misol);
- Noto’g’ri ma’lumot (To’g’ri va noto’g’ri ma’lumotlarni qo’shib tashlash. Shuningdek, o’quvchini jalb qilish uchun tanlangan chalg’ituvchi sarlavhalar, tekshirilmagan manbadan foydalanish yoki asosli manbaning yo’qligi kabilar kiradi);
- Hajviya va parodiya (Ko’ngilochar maqsadda yaratilsada dolzarb bo’lib turgan mavzu haqida yetarli ma’lumotga ega bo’lmagan kishida mavzuning asl ma’nosi keskin o’zgartirib yuborishi mumkin)
- Propaganda (Muayyan g’oya va mafkurani siyosiy maqsadda ommaga targ’ib qilish. Bunda ma’lumotlar bir yoqlama va ma’lum bir qatlam foydasiga xizmat qiladi).
Qanday qilib soxta yangilikka aldanib qolmaslik mumkin?
Facebook, Google, Twitter kabi yirik texnologiya kompaniyalari soxta yangiliklarni oldini olish uchun turli choralarni ko’rayotganini eshitgan bo’lsangiz kerak. Shuningdek, hozirda ko’plab davlatlar soxta yangiliklarga qarshi kurashishga urinmoqda. Mana bu linkda qaysi davlatlar qanday yo’llar bilan soxta yangilik va ma’lumotlarning tarqalishiga qarshi kurashayotganini batafsil ko’rishingiz mumkin.
Lekin texnologiya va media kompaniyalarga bosim o’tkazish yoki hukumat tashkilotlarini tuzish bilan soxta yangilik muammosini yechib bo’lmaydi. Yangiliklar oqimi ijtimoiy tarmoq, yangilik saytlari, TV ko’rsatuvlari yoki biror tanishimiz yuboradigan xabari (ba’zida bu xabarni yana 7ta odamga yuborsangiz omadingiz kelishini aytadi..) orqali kirib kelaveradi. Muammoning yechimi odamlarni, ayniqsa yoshlarni, tanqidiy fikrlashga o’rgatishda.
Tanqidiy fikrlash bo’lmas ekan, biz qabul qilayotgan ma’lumotlarning haqiqiy yoki soxta ekanligini tekshirmasdan unga ishonishdan tashqari, bu ma’lumotlarni boshqalarga ham bo’lishamiz va soxta yangilikni ommaviy tarqalishiga o’z hissamizni qo’shamiz. Unutmang, siz ishonadigan ma’lumotlar sizning nima harid qilishingizdan tortib, rejalaringiz, nima ish qilishingiz, kimga ovoz berishingiz va hatto o’zingizni qanday his qilishingizga ham ta’sir o’tkazadi. Boshqacha qilib aytganda, qanday yashashingizni belgilab beradi.
Hayotimizda qabul qiladigan qarorlarda, muammolarga yechim topishda, vaziyatni baholashda va boshqa ko’plab vaziyatlarda tanqidiy fikrlash asosiy rol o’ynaydi. Bu haqida keyingi postlarimizda batafsil to’xtalib o’tamiz. Hozir esa, soxta yangilikka aldanib qolmaslik uchun tanqidiy fikrlashni qanday qo’llashni aytib o’tmoqchimiz.
1. Tezda xulosa chiqarmang.
Tanqidiy fikrlashning dastlabki bosqichi, o’qigan yoki eshitgan narsangizni baholash hisoblanadi. Dastlab o’zingizga savollar berib ko’ring. «Nima uchun bu yangilik tayyorlangan?» «Muallifning maqsadi nima?» «Menga nimanidir ishontirishga harakat qilyaptimi?»… Shu kabi savollarga ratsional va tanqidiy javoblar topishga harakat qiling.
2. Manbani o’rganing.
Yangilikning asl manbasi nimaligi va qay darajada ishonarli ekanligini tekshiring. Yaqin do’stingizdan eshitgan bo’lsangiz ham, agar yangilik sizning qabul qiladigan qaroringizga bevosita ta’sir ko’rsatsa, manbani yaxshilab o’rganishingiz o’zingizga foydali (do’stingiz sizdek ish tutmagan bo’lishi mumkin).
3. Dalillarni tekshiring.
Ishonarli yangiliklar odatda o’z ichiga boshqa resurslardan bir necha fakt, statistika yoki mutaxassis fikrini ko’rsatib o’tadi.
4. Yana kimlar bu yangilik haqida ma’lumot berayotganini biling.
Siz bilgan boshqa ishonarli manbalar ham bu yangilik haqida ma’lumot berayotganini tekshirib ko’ring.
5. Rasm va videolarga bir ko’rishda ishonmang.
Hozirgi zamonaviy texnologiya va vositalar bilan istalgan ko’rinishda rasm yoki videolar tayyorlash mumkin. Shuningdek, ma’lum bir videoning kichik qirqilgan qismi ham asosiy mazmunni tubdan o’zgartirib yuborishi mumkin.
6. Mavzuga ikki tomonlama yondashing.
Berilayotgan axborotning ijobiy va salbiy tomonlarini o’ylab ko’ring. Masalan, biror joyda qurilayotgan yangi bino «odamlarning baxti uchun xizmat qiladi» deb e’tirof etilayotgan bo’lsa, bu joyning «eski egalarining uyi majburan buzilib baxtsiz bo’lib qolmadi» deb o’ylab ko’rish mumkin.
7. Mantiqqa tayaning.
Siz ishonishni juda xohlagan xabar bo’lsa ham mantiqni birinchi o’ringa qo’ying.