You are currently viewing ETFga investitsiya qilish halolmi?

ETFga investitsiya qilish halolmi?

ETF qanday moliyaviy instrument ekanligi haqida avvalroq ma’lumot bergan edik. ETF – Exchange Traded Fund so’zlarining qisqartmasi bo’lib, huddi aksiyalar kabi birjada savdo qilinuvchi qimmatli qog’ozlar savati. ETF turli aksiyalar, obligatsiyalar, yoki boshqa turdagi instrumentlardan tashkil topishi mumkin. Qimmatli qog’ozlarga investitsiya qilishda, ETF – eng ommalashgan tanlovlardan biri. Investor o’z mablag’larini ma’lum bir sohaga yo’naltirishi va ayni vaqtda portfelni diversifikatsiya qila olishi hamda oson oldi-sotdi qilish imkoniyatlarini bergani uchun ham ETF eng ommalashgan tanlovlardan biri bo’lib qolmoqda. Masalan, S&P 500 indeksidagi 500 ta kompaniyaga investitsiya qilish uchun, shunchaki SPDR S&P 500 ETF Trust (SPY)ni sotib olishning o’zi kifoya. Lekin, musulmon investor ETFga investitsiya qilishdan oldin, bu ETFning halolligini tekshirishi va qanday shartlar asosida halol bo’lishini bilishi zarur. Ushbu maqolada, faqat aksiyalardan tashkil topgan ETFlarni ko’rib chiqamiz va «ETFga investitsiya qilish halolmi?» degan savolga javob berishga harakat qilamiz.

ETF qachon halol bo’ladi?

ETFni halol deyishimiz mumkin, qachonki uning tarkibidagi barcha aksiyalar (yoki instrumentlar) halol bo’lsa. Yuqorida misol qilib keltirilgan SPY ETFini olsak, bu fond tarkibiga 506 ta aksiyalar kiritilgan. Bular ichida Islom dinimizda taqiqlangan faoliyatlar bilan shug’ullanuvchi ko’plab kompaniyalar mavjud. Masalan, Berkshire Hathaway (BRK-A), Bank of America (BAC), Philip Morris (PM), Morgan Stanley (MS) shular jumlasidan. Shuningdek, SPY tarkibidagi kompaniyalar ichida katta qarzdorlikka ega va foizli qarzlari miqdori belgilangan shariat me’zonlariga mos kelmaydigan kompaniyalar ham bir qancha. Demak, SPY kabi tarkibida halol bo’lmagan aksiyalar bo’lgan ETFlar halol emas.

SPDR S&P 500 ETF Trust (SPY) tarkibiga kiruvchi top 10 kompaniyalar

Halol ETFlar mavjudmi?

Hozirda islom moliyasi talablariga asosan faoliyat yurituvchi va o’zlarining ETFlarini taklif qiluvchi bir necha kompaniyalar mavjud. Quyida shu kompaniyalardan ayrimlarini ko’rib chiqamiz. Shuni yodda tutingki, bu ETFlar sotib olish uchun tavsiya emas.

1. Wahed FTSE USA Shariah ETF (HLAL)

Wahed AQShning fintek kompaniyasi bo’lib, 2019-yilda o’zining ETFini HLAL belgisi ostida Nasdaq birjasida ro’yhatdan o’tkazgan. Ushbu ETFga hozir 224 ta (2022-yil 1-fevral holatiga ko’ra) kompaniyalar aksiyalari kiritilgan. Investitsiya qilingan kompaniyalar ichida Texnologiya (38.8%) va Sog’liqni saqlash (23.3%) sektorlariga eng katta ulush ajratilgan. Aksiyalarning to’liq ro’yhati va boshqa ma’lumotlar bilan bu havolada tanishishingiz mumkin. HLAL fondi tarkibiga kiritilgan aksiyalarni tekshirib chiqqanimizda, ayrim aksiyalar e’tiborimizni tortdi. Xususan, quyidagi kompaniyalar:

  • Electronic Arts (EA). Bu kompaniya ko’ngilochar video o’yinlar ishlab chiqarish, sotish va unga aloqador xizmatlar ko’rsatish bilan shug’ullanadi. EA video o’yinlar ishlab chiqaruvchi dunyodagi ikkinchi eng yirik kompaniya hisoblanadi va uning o’yinlari ichida harom unsurlar (axloqsizlik, sehr-joduni ma’qullash, zo’ravonlikni targ’ib qilish va h.k.) mavjud bo’lgan o’yinlar bir qancha. Bu aksiyani ishonch bilan halol deyish qiyin.
Electron Arts kompaniyasining so’nggi choraklik hisoboti (2021-yil, 30-sentabr). Daromadlari video o’yinlar sotish, litsenziyalar sotish, va o’yinlarni sotishga oid turli xizmat ko’rsatishdan kelgan. Manba: www.ea.com
  • Delta Air Lines (DAL) va United Airlines (UAL). Aviaqatnov bilan shug’ullanuvchi bu ikki kompaniyaning juda katta miqdorda qarzi mavjud. AAOIFI Shariat Standardiga ko’ra, kompaniyaning foizli qarz mablag’lari uning bozor kapitallashuvining 30%idan oshmasligi kerak. DAL va UAL aksiyalarining halol ETF tarkibiga kiritilishini to’g’ri deyish qiyin. Quyida DAL aksiyasining qarzi bo’yicha ko’rsatkichlar hisoblangan:
    • DAL jami qarzining bozor kapitallashuviga nisbati (2021-yil, 30-dekabr holatiga ko’ra): $34.6 milliard / $24.9 milliard = 138.9%
    • DAL jami qarzining 12 oylik o’rtacha bozor kapitallashuviga nisbati (2021-yil, 30-dekabr holatiga ko’ra): $34.6 milliard / $27.3 milliard = 126.7%
    • DAL jami qarzining jami aktivlariga nisbati (2021-yil, 30-dekabr holatiga ko’ra): $34.6 milliard / $72.4 milliard = 47.7%

2. SP Funds S&P 500 Sharia Industry Ex ETF (SPUS)

SPUS belgisi ostidagi ushbu ETF, Sharia Portfolio kompaniyasi tomonidan boshqariladi. Sharia Portfolio aktivlarni boshqarish (asset management) bilan shug’ullanuvchi AQShda joylashgan kompaniya. Boshqaruvi ostida SPUSdan tashqari SPRE, SPSK ETFlari ham mavjud. SPUS ETF tarkibiga hozirda 212 ta kompaniya kiritilgan (2022-yil, 28-yanvar holatiga ko’ra). Investitsiya qilingan kompaniyalar ichida Texnologiya (40.7%) va Sog’liqni saqlash (15.7%) sektorlariga eng katta ulush ajratilgan. Aksiyalarning to’liq ro’yhati va boshqa ma’lumotlar bilan bu havolada tanishishingiz mumkin.

Sharia Portfolio kompaniyasi tomonidan tuzilgan SPUS ETF tarkibiga kiruvchi top 10 kompaniya

SPUS fondi tarkibiga kiritilgan aksiyalarni tekshirib chiqqanimizda, ba’zi aksiyalar e’tiborimizni tortdi. Ayniqsa, fondda asosiy ulushni egallagan Alphabet (GOOG, GOOGL) va Meta (FB) aksiyalariga e’tibor berish zarur. Chunki, bu kompaniyalarning asosiy daromadi reklamadan shakllanadi va harom mahsulot/xizmatlarni reklama qilish orqali daromad ko’radigan kompaniyalar aksiyalarini sotib olish taqiqlanadi. Xususan, Alphabet misolida daromad manbalarini tekshirsak, quyidagi jadvaldan ko’rish mumkinki, asosiy daromadlari reklama faoliyatidan kelgan. Googleda reklama qilinadigan mahsulot/xizmatlar ichida harom qilingan (ribo, xamr, qimor, va h.k.) ko’plab mahsulot va xizmatlar mavjud. AAOIFI Shariat Standardiga ko’ra, taqiqlangan faoliyatlardan kelgan daromad miqdori jami daromadning 5 foizidan oshmasligi kerak. Googlening harom mahsulot/xizmatlar reklamasidan jami daromadining aynan qancha qismini tashkil topganini aniqlash qiyin. Lekin katta ehtimollik bilan bu 5% dan ko’p bo’lishi mumkin va umuman olganda, bunday turdagi shubhali aksiyalarni sotib olmagan afzal.

Alphabet kompaniyasining so’nggi choraklik hisoboti (2021-yil, 30-sentabr). Daromadlarining asosiy qismi Google xizmatlari tarkibida bo’lgan Google advertising, ya’ni reklamadan shakllangan. Manba: www.abc.xyz

Xulosa

ETFga investitsiya qilishdan oldin, uning tarkibidagi barcha aksiyalarni tekshirib, shariatga muvofiq ekanligiga ishonch hosil qilish zarur. Hozirda juda ko’plab ETFlar borligiga qaramay, faqat halol kompaniyalardan tashkil topganlarini topish qiyin. Yuqorida ko’rib o’tilgan Wahed va Sharia Portfolio ETFlarini biz yomonlash yoki tanqid qilish maqsadida emas, balki bu fondlarda ham ba’zi xatoliklar va shubhali aksiyalar bo’lishi mumkinligi haqida ma’lumot berishni niyat qildik. Biz HLAL va SPUS ETFlariga investitsiya qilgandan ko’ra, ularning tarkibidagi kompaniyalarni tahlil qilib shubhadan holi bo’lgan aksiyalarning o’ziga alohida investitsiya qilishni afzal deb hisoblaymiz. Albatta, Alloh bilguvchidir.

Do'stlaringizga yuboring

Fikr bildirish